Verivox portali buyurtmasiga asosan o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etganlarning 48 foizi shunday fikr bildirgan. Natijalarga ko‘ra, nemislarning 29 foizi benzin narxi qimmatligi sababli mashinadan velosipedga, 24 foizi esa jamoat transportiga o‘tgan.
Respondentlarning uchdan ikki qismi (67%) energiya narxlari ko‘tarilgani bois uni tejashga ko‘proq e’tibor qarata boshlaganini aytgan. Eng ko‘p tarqalgan chora — ishlatilmayotgan elektr jihozlarini kutish rejimida qoldirmay, butunlay o‘chirib qo‘yishdir. So‘rovda qatnashganlarning 55 foizi isitish tizimini pasaytirganini, 47 foizi esa issiq suvni tejayotganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, 27 foiz ishtirokchi energiyani tejamayotganini bildirgan. Buning asosiy sababi sifatida ular avval ham tejamkor yashaganliklari va endilikda qo‘shimcha qisqartirishlar uchun imkoniyat ko‘rmayotganliklarini ko‘rsatishgan.
Germaniya avtomobil klubi (ADAC) ma’lumotlariga ko‘ra, 7 may kuni benzin va dizel yoqilg‘isi narxlari mart oyi boshidan beri eng past darajaga tushgan. Xususan, bir litr E10 benzinining o‘rtacha narxi 1,984 yevroni, dizel esa 2,025 yevroni tashkil etdi. Bunga jahon bozorida neft narxi pasaygani hamda Germaniya hukumati tomonidan may oyi boshida fuqarolar uchun joriy etilgan "yoqilg‘i chegirmasi" sabab bo‘lgan.