Soliq organlari tomonidan savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda savdo amaliyotlari P2P — plastik kartadan plastik kartaga pul o‘tkazmalari orqali amalga oshirilayotgan holatlar tahlil qilinmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soliq organlari tomonidan yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘lar yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda. Aniqlangan holatlar asosida soliq hisobotlarida aks ettirilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda hamda soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuborilmoqda.
“Bu jarayon jazolash yoki bosim o‘tkazish emas, balki iqtisodiy adolatni ta’minlash, yashirin aylanmalarni qisqartirish va halol mehnat qilib, qonun doirasida ish yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Chunki har bir to‘langan soliq — bu mamlakat taraqqiyoti, yangi yo‘llar, maktablar, shifoxonalar va xalq farovonligi uchun qo‘yilgan hissadir”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Shuningdek, soliq organlari barcha tadbirkorlik sub’ektlarini amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya qilishga, savdo tushumlarini to‘liq rasmiylashtirishga va soliq hisobotlarida haqqoniy aks ettirishga chaqirdi.