Prof boksning super yarimo‘rta vazn toifasida amerikalik jahon chempioni Terens Krouford o‘zbekistonlik sobiq raqibi Isroil Madrimovga qarshi o‘tkazgan jangi haqida gapirdi.
Amerikalik 37 yashar bokschi sobiq UFC chempionlari Genri Sexudo va Kamaru Usmanning YouTube'dagi podkasti mehmoni bo‘lib, quyidagi savolga javob berdi.
- Jangni tomosha qildim. Muxlislar fikricha, bu yaqin jang bo‘lgan ekan. Lekin menimcha, sen kamida 4 raund farqi bilan g‘alaba qozonding. O‘ylashimcha, seni yutqazdi deyayotganlar, shunchaki seni yoqtirishmaydi. Fikrimcha, sen yaqqol g‘olib bo‘lding. Kanelo ham sening bu vaznga mos emasliginingni aytdi. Bunga qanday munosabat bildirasan?
"Ha, g‘alaba qozonganim bu fakt. Bu Kaneloning fikri. Isroilning jang vaqtida ehtiyotkor bo‘lganini sababi bor. Agar jangni ko‘rgan bo‘lsangiz, u haqiqiy zarbalardan ko‘ra, aldovchi zarbalarni ko‘proq amalga oshirdi. Men zarba bergan zahoti yo meni ushlab olardi yoki qochar edi. Agar u mendan gavda jihatidan katta bo‘lsa, yaqqol ustunlik qilishi kerak edi. Meni "bosib tashlashi" kerak edi", dedi Krouford.