Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Erondagi hokimiyat o‘zgarishi va Isroilning hujumlari o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi.
“Biz bu bayonotni ko‘rdik, eshitdik va o‘qidik. Kreml tan oladi: bu kabi harakatlar mintaqadagi keskinlikni xavfli darajada oshirmoqda va biz buni qoralaymiz”, — dedi Peskov kundalik brifingda.
Uning ta’kidlashicha, Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlar fonida Eron jamiyatida ichki birlik va konsolidasiya kuchaymoqda.
15 iyun kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shunday degan edi:
“Eron aholisining taxminan 80 foizi amaldagi rejimni ag‘darishni istaydi. Isroilning hujumlari Eronda hokimiyat o‘zgarishiga olib keladimi? Bu mumkin, chunki Eron rejimi juda zaif”.
Kreml ushbu bayonotni keskin tanqid qilar ekan, mintaqadagi vaziyatni yanada beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlarga qarshi ekanini bildirdi.