Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya AQSh bilan yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini ma’lum qildi. U bunday kelishuvning global ahamiyatiga ishora qildi.
“Butun dunyo manfaatlari va mamlakatlarimiz xalqlari manfaatlaridan kelib chiqqan holda, albatta, biz ushbu muzokara jarayonini imkon qadar tezroq boshlashdan manfaatdormiz. Biz avvalroq bunday qiziqish haqida gapirgan edik, shuning uchun to‘p bizning mamlakatimiz bilan barcha mazmunli aloqalarni to‘xtatgan amerikaliklar maydonida”, — dedi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Rossiya 2026-yilning fevralida tugaydigan Strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha Shartnomada (START) ishtirokini to‘xtatdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, agar Qo‘shma Shtatlar bir qator shartlarni bajarsa, "Rossiya xavfsizligiga putur etkazish kursidan voz kechish" va "asosiy qarama-qarshiliklarni" bartaraf etishga tayyor bo‘lsa, muloqot qilish mumkinligini ta’kidlaydi.
2010-yilda imzolangan va 2021-yilda yangilangan yangi START qit’alararo ballistik raketalar, suvosti kemalaridan uchiriladigan ballistik raketalar, ularning uchirgichlari va jangovar kallaklari, shuningdek, og‘ir bombardimonchi samolyotlar va ularning yadroviy qurollari sonini qisqartirishni nazarda tutadi.
Kremlning bayonoti Donald Trampning AQSH, Rossiya va Xitoyning yadroviy arsenallarini qisqartirish imkoniyati haqidagi so‘nggi so‘zlariga javoban keldi. Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan va Pekin bilan “yaxshi suhbat bo‘lgan”. Shu bilan birga, Tramp Xitoy yadro arsenali hozir Amerikanikidan kichikroq bo‘lsa-da, 4-5 yil ichida vaziyat o‘zgarishi mumkinligini ta’kidladi.