Davlat Dumasi tomonidan ikkinchi o‘qishda ma’qullangan ekstremistik materiallarni internetda qidirish uchun jarimalar haqidagi qonun loyihasidan Kreml bexabar.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov internetda ekstremistik materiallarni qidirish uchun jarima joriy etishni nazarda tutadigan qonun loyihasi bilan tanish emasligini aytdi.
«Men deputatlarning bu tashabbusi bilan tanish emasman… Tafsilotlarni bilmayman, shuning uchun izoh bera olmayman», — dedi Peskov. Uning ta’kidlashicha, ushbu mavzu jamoatchilikda katta muhokamaga sabab bo‘lgan.
«Odamlarning savollariga javob berish uchun batafsil tushuntirishlar kerak», — dedi u.
Avvalroq parlament mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilgan. Hujjat uchun 285 deputat ovoz bergan, 19 kishi qarshi chiqqan va 20 nafar deputat betaraf qolgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, internetda "ekstremistik materiallarni" ataylab qidirish va kirish uchun 5 ming rublgacha jarima ko‘zda tutilgan. Bu VPN orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, bu holat og‘irlashtiruvchi omil sifatida baholanadi.
Shuningdek, blokirovkani aylanib o‘tish xizmatlarini reklama qilish uchun ham jarimalar joriy etiladi: jismoniy shaxslar uchun 80 ming rublgacha, yuridik shaxslar uchun esa 500 ming rublgacha.
Agar qonun yakuniy tarzda qabul qilinsa, u 2025 yil 1 sentyabrdan kuchga kiradi.