Koson tumani hokimi Asrol Boykarayev paxta terim mavsumidan oldin «Po‘loti» shaharchasidagi 1500 nafardan ortiq ko‘ngilli terimchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda uchrashuvda qatnashgan “Nasafnews” muxbiri xabar bermoqda.
Terimchilarga kuch va shijoat bag‘ishlash uchun tashkil etilgan tadbir chin ma’noda ularga madaniy hordiq ham ulashdi.
Tuman hokimi “Nasafnews” bilan suhbatda terim mavsumida hech bir tumanda amalga oshirilmagan tajribani qo‘llashini aytdi:
-Dalalarda yetishtirilgan milliy boyligimizni chetdan terimchilar kelib termaydi. Paxtani kosonliklarning o‘zlari yig‘ib-terib oladilar. Buning uchun ularga barcha sharoitlarni yaratib beramiz. 3 mahal issiq ovqat, dalaga borish uchun aftobuslar va yana qo‘shimcha imkoniyatlarni yo‘lga qo‘ymoqchimiz,- deydi tuman hokimi Asrol Boykarayev. Terimda majburiy mehnetga yo‘l qo‘yilmaydi. Voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanilmaydi. Bu jarayonlarni shaxsan o‘zim nazorat qilaman.
Tashkil etilgan tadbirda hokim terimchilarga murojaat qildi. Qanday muammo bo‘lsa o‘zi hal qilib berishini, paxta terim mavsumida qo‘shgan hissasi uchun har bir terimchining mehnati munosib rag‘batlantirilishini ta’kidladi.
So‘ngida esa bayram dasturxoniga taklif etilgan xotin-qizlarga sovg‘a-salomlar ulashildi.