Korrupsiyaga qarshi kurash tashkiloti a’zolari Rossiyaga qarshi neft sanksiyalarini chetlab o‘tgan 52 Britaniya firmasiga nisbatan jinoiy ish haligacha ko‘rib chiqilmaganligidan norozi — BBC.
"Deyarli ikki yildirki, Britaniya hukumati Rossiyaga qo‘yilgan neft sanksiyalarini chetlab o‘tishda sheriklikda gumon qilingan kompaniyalarni tekshirmoqda, biroq hozircha hech kim jazolanmadi", deya ma’lum qildi BBC tadqiqotchi jurnalistlari.
2022 yil dekabr oyida G7 davlatlari Rossiya neftining dengiz orqali import qilinishiga embargo joriy qildi va neft narxining yuqori chegarasini bir barrel uchun 60 dollar qilib belgiladi. Shu tartibda G7 mamlakatlari firmalariga, agar bir barrel narxi 60 dollardan oshsa, Rossiya Federasiyasidan neft yetkazib berilishining istalgan bosqichida ishtirok etish taqiqlandi.
BBC'ning ma’lum qilishicha, Buyuk Britaniya moliya vazirligi 2022 yil dekabridan beri ushbu taqiqni buzib kelgan 52 kompaniyaga nisbatan tergov ochgan. Joriy yilning avgust oyigacha 15 ta ish bo‘yicha tergov nihoyasiga yetdi, biroq hech kimdan jarima undirilmadi. Boshqa tarafdan esa, vazirlikning maxsus bo‘linmasi – Moliyaviy sanksiyalar byurosi sanksiyalar rejimini ta’minlash uchun 60 million yevro oldi.
Global Witness korrupsiyaga qarshi tashkilotining neft tadqiqotlari boshlig‘i Luis Uilson Moliya vazirligi sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etganlik uchun hali hech kimni jazolamaganidan norozilik bildirib, qat’iyroq choralar ko‘rishga chaqirmoqda. "Agar Buyuk Britaniya hukumati Britaniya firmalarining Putinning foydasiga xizmat qilishga aloqadorligiga chek qo‘ysa, menimcha, boshqalar ham shunga ergashadi", — dedi Uilson intervyuda.
Biroq, Moliya vazirligi bunday tekshiruvlar murakkab va ko‘p vaqt talab qiladigan jarayon ekanligini ta’kidlamoqda.