Ispaniyaning sobiq qiroli 82 yoshli Xuan Karlos 3 avgust kuni Birlashgan Arab Amirliklariga ketganini va ayni paytda o‘sha yerda ekanini tasdiqladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar bermoqda.
Avvalroq Ispaniya nashrlarida Xuan Karlos xususiy samolyotida Abu-Dabiga borgani va lyuks mehmonxonaga joylashgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Shuningdek, sobiq qirolning Dominikan Respublikasi yoki Portugaliyaga ketgan bo‘lishi mumkinligi borasida ham taxminlar ilgari surildi.
Korrupsiyada ayblangan Xuan Karlos o‘g‘li – Ispaniya qiroli Filippga maktub yozib, chet elga ketmoqchi ekanligini aytgan edi.
Ispaniya Oliy sudi Makka va Madina shaharlarini bir-biriga bog‘laydigan tezkor poyezd loyihasi tenderida sobiq qirol korrupsiyaga aralashgan bo‘lishi mumkinligini bildirib, iyun oyida surishtiruv boshlagan edi.
Xuan Karlos loyiha bo‘yicha 2008 yilda Saudiya Arabistoni qirolidan 100 million dollar pora olgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.