Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Koreyadan O‘zbekistonga 34 tonnaga yaqin insonparvarlik yordami kelmoqda

A A A
Koreyadan O‘zbekistonga 34 tonnaga yaqin insonparvarlik yordami kelmoqda

Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash, shuningdek, COVID-19ning mamlakatimizda tarqalishining oldini olishga qaratilgan xalqaro hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasi Koreya Respublikasidan insonparvarlik yordamini jalb qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Umumiy og‘irligi 34 tonnaga yaqin insonparvarlik yordami O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, Janubiy Koreyaning “Evergreen Motors”, “Hanshin E&C”, “Shindong Resources”, “BOMI E&C”, “GM Korea”, GM, “UNICO Logistics”, “Chung Hospital”, “Myung Sung Placon”, “Suwan TPL”, “Union Korea Pharm”, “Century”, “Infinity Co., Ltd.”, “LH”, “Hyundai Engineering” kabi kompaniyalari va Shinxan universiteti ko‘magida shakllantirildi.

Bundan tashqari, Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ajratilgan 250 ming dollar miqdoridagi mablag‘ evaziga “PCL Inc.” kompaniyasining 20 ming dona PSR diagnostika test tizimlari xarid qilindi.

Bugun qiymati 900 ming dollarga yaqin 6,2 tonna og‘irlikdagi yuqori texnologik tibbiy uskunalar, avtomat mexanizmli tibbiy karavotlar va PSR diagnostika test tizimlari “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining maxsus samolyotida mamlakatimizga jo‘natildi.

Umumiy og‘irligi 27,6 tonnadan ortiq bo‘lgan gumanitar yukning qolgan qismi navbatdagi yuk charter reysi bilan yurtimizga yetkaziladi.

Koryo universiteti professori Yun Sing Ju ham COVID-19ga qarshi kurashda xalqaro ekspert sifatida ushbu reys bilan Toshkentga keladi.

29 martdan 26 aprelgacha mamlakatimizda yangi turdagi koronavirus profilaktikasi bo‘yicha maslahatchi sifatida ishtirok etgan Koryo universiteti professori Choy Chje Uk ham O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan maqsadli ishlarga baho berdi.

– O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritishimni ta’minlash maqsadida yaratilgan sharoit uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildiraman, – deydi professor Soy Chje Uk. – O‘zbekistonda bo‘lib, bu yerda hukumat tomonidan yangi koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan tezkor va keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga guvohi bo‘ldim. Buning natijasida mamlakatda koronavirusga chalinganlar umumiy sonini 2 mingdan past darajada saqlab qolishga erishilmoqda. Dunyoning boshqa mamlakatlari bilan solishtirganda bu katta ijobiy natijadir. O‘zbekistonda pandemiyaga qarshi kurash ishlarida bevosita qatnashish imkoniga ega bo‘lganimdan xursandman. O‘zbekiston xalqiga sog‘liq va tez orada virus bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yengib o‘tishini tilayman.

Koreya Respublikasining yordam yuki Toshkentga 26 aprel kuni kechki payt yetib keladi.

Kiritildi: 22:57 26.04.2020. O'qildi: 3899 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!