Shu haftada Kongo Demokratik Respublikasi Qo‘shma Shtatlardan deportasiya qilingan 30 dan ortiq kishidan iborat ilk guruhni qabul qilishi kutilmoqda.
Reuters manbalariga ko‘ra, deportasiya qilinayotganlar asli kongolik emas, balki Markaziy va Janubiy Amerika davlatlaridan kelgan uchinchi mamlakat fuqarolaridir. Ular Kinshasa aeroporti yaqinidagi mehmonxonaga 10–15 kunga joylashtiriladi, biroq ularning keyingi taqdiri hozircha noma’lum.
Bu jarayon 5 aprelda Tramp ma’muriyati bilan erishilgan kelishuv doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur kelishuv Vashingtonning Kongodagi foydali qazilmalardan imtiyozli foydalanishi va mintaqaviy nizolarni hal qilishdagi vositachilik harakatlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Kongo hukumati ushbu dastur uchun mablag‘ sarflamasligini bildirgan bo‘lsa-da, inson huquqlari faollari va mahalliy oppozisiya deportasiya qilinayotganlarning o‘zlari fuqarosi bo‘lmagan davlatga yuborilayotganini tanqid qilmoqda.