Amerika Senati yana bir bor prezident Donald Trampning Kongress roziligisiz Eronga qarshi harbiy harakatlar olib borish huquqini cheklashga qaratilgan rezolyusiyani qo‘llab-quvvatlamadi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 47 nafar senator “yoqlab”, 52 nafar “qarshi” ovoz berdi. Bu demokratlar tomonidan urushni to‘xtatishga qaratilgan to‘rtinchi muvaffaqiyatsiz urinish bo‘ldi. Hujjatni ilgari surayotgan demokratlar Kongress rasmiy ruxsat bermaguncha harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilmoqda. AQSh Konstitusiyasiga ko‘ra, urush e’lon qilish vakolati Kongressga tegishli. Biroq prezidentlar ko‘pincha bosh qo‘mondon sifatidagi vakolatlari va “cheklangan operasiyalar”ga tayanib, bu qoidani aylanib o‘tishadi.
Oq uy va respublikachilar esa Donald Trampning harakatlari qonuniy ekanini ta’kidlamoqda. Demokratlar esa bunga qarshi fikrda bo‘lib, uzoq davom etadigan urush xavfi haqida ogohlantirmoqda.
Ovoz berishdan oldin Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari Jim Rish demokratlarni deyarli Tehronni qo‘llab-quvvatlashda aybladi:
“Hech kim senga yordamga kelmaydi, Eron, bu yerdagi 47 kishidan boshqa”, — dedi u.
Qurolli kuchlar qo‘mitasidagi yetakchi demokrat Jek Rid esa javob qaytarib, hamkasblarini tinchlik yo‘lini tanlashga chaqirdi va Yaqin Sharqdagi urush qaytarib bo‘lmas bosqichga o‘tib ketishidan ogohlantirdi.
Jamoatchilik fikri ham urushni davom ettirishga qarshi burilmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 60 foizi Eron hududidagi harbiy harakatlarga qarshi. Biroq siyosiy partiyalar o‘rtasida keskin farq bor: respublikachilar orasida Donald Trampni 74% qo‘llab-quvvatlasa, demokratlar orasida bu ko‘rsatkich atigi 7%ni tashkil qiladi.
Shu bilan birga, Oq uyga vaqt ham bosim o‘tkazmoqda. 1973 yilda qabul qilingan harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, prezident Kongress roziligisiz 60 kun davomida operasiya olib borishi mumkin. Bu muddat aprel oxirida yakunlanadi. Shundan so‘ng AQSh rahbari yo Kongress roziligini olishi, yoki operasiyani to‘xtatishi (qo‘shimcha 30 kunlik kechiktirish imkoniyati bilan) talab etiladi.
Time jurnali aprel soni muqovasida Donald Tramp Eron xaritasini o‘rganayotgan holda tasvirlangan bo‘lib, sarlavhada: “Chiqish qayerda?” deb yozilgan. Bu ham urushga nisbatan xavotirlar ortib borayotganini ko‘rsatadi.