Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Komil Allamjonov: "Bu birovni haqorat qilish yoki kamsitish huquqini bermaydi" (video)

Komil Allamjonov: "Bu birovni haqorat qilish yoki kamsitish huquqini bermaydi" (video)

Matbuot va ommaviy axborot kommunikasiyalari agentligi rahbari Komil Allamjonov feysbukdagi sahifasida mulohaza qoldirdi. Unda bugungi axborot davrining eng nozik jihati, eng muhim jihati aks etgan. Bu fikrlarga amal qilish, har bir axborotning to‘g‘riligini tekshirish, noto‘g‘ri, noxolis axborotlarni joylamaslik bugungi davrning asosiy talablaridan biridir.

"Veb-resurs egasi Internet tarmog‘iga axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligini aniqlagan taqdirda uni darhol o‘chirib tashlashi shart. 

Zero, amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarda bunday xatti-harakatlarning ta’rif-tavsifi va ularga belgilangan jazolar aniq ko‘rsatib o‘tilgan. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunida: “Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi”, deb belgilangan.

Shuningdek, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunda: «Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi. Ommaviy axborot vositalari o‘zlari tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar», deya qayd etilgan.

«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, veb-saytning yoki veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger Internet tarmog‘idagi o‘z veb-resursi orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatishi qat’iy man etilgan. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 140-modaasiga muvofiq esa, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish — eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mamlakatimizda fikr bildirish erkinligi ta’minlangan, lekin bu birovni haqorat qilish yoki kamsitish huquqini bermaydi. Bu ham insoniy, ham qonuniy nuqtai nazardan to‘g‘ri emas", deb yozadi Komil Allamjonov.

Kiritildi: 10:17 14.08.2019. O'qildi: 2199 marta. Fikrlar soni: 2 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!