Kolumbiya hukumati G‘azo sektorida Isroil hujumlaridan jabrlangan falastinlik bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi. Bu haqda "Associated Press" axborot agentligi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Kolumbiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Elizabet Teylor Jey jurnalistlarga bergan intervyusida hukumat tashabbusini ma’lum qilgan.
"Biz falastinlik bolalarga gumanitar yordam ko‘rsatishga qaror qildik. Ularni oilalari bilan birga Kolumbiyaga reabilitasiya qilish uchun olib kelamiz", – degan u matbuot anjumanida.
Jey ayni paytda Kolumbiya nechta bolani qabul qilishi va ular G‘azodan qanday evakuasiya qilinishi haqida qo‘shimcha ma’lumot bermagan.
"Hukumatimiz jarohatlangan bolalarni Kolumbiya harbiy shifokorlari mamlakatda o‘nlab yillar davom etgan ichki mojarolar paytida orttirgan "tajriba"sidan kelib chiqib davolashi mumkin deb hisoblaydi", – deya so‘zlarini yakunlagan vazir o‘rinbosari.
Ma’lumot uchun, may oyida Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro mamlakati Isroil bilan diplomatik munosabatlarni uzganini e’lon qilib, yahudiy davlati bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumatini falastinliklarga qarshi genosid sodir etishda ayblagan edi.
Bundan tashqari, Kolumbiya Tel-Avivning G‘azo sektoridagi agressiyasiga javoban Isroilga ko‘mir yetkazib berishni to‘xtatgan.