AQSh Adliya vazirligi moliyachi Jeffri Epshteyn ishiga doir keng ko‘lamli materiallarni ochiqlashni boshladi. Vazirlikning rasmiy saytida o‘n minglab hujjatlar joylashtirilgan bo‘lib, bu Epshteyn arxivi bo‘yicha e’lon qilinayotgan fayllarning ilk qismi hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujjatlar AQSh Kongressi tomonidan ma’qullangan va bir oy oldin prezident Donald Tramp tomonidan imzolangan «Epshteyn fayllari oshkoraligi to‘g‘risidagi akt» (Epstein Files Transparency Act) doirasida e’lon qilinmoqda.
Djeffri Epshteyn odam savdosi, jumladan, shaxslarni jinsiy ekspluatasiya qilish maqsadida jalb etganlikda ayblangan edi. Biroq e’lon qilingan arxiv materiallarining katta qismi tahrir qilingan holda berilgan. Bu konfidensial ma’lumotlarni, jabrlanuvchilar va uchinchi shaxslarning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilmaslik maqsadida amalga oshirilgan.
Amerikalik ommaviy axborot vositalarining baholashicha, hujjatlarda Epshteynning nufuzli amerikalik biznesmenlar va siyosatchilar bilan aloqalariga oid jiddiy yangi ma’lumotlar mavjud emas.
E’lon qilingan fayllarda Donald Trampning nomi kamdan-kam tilga olingan. Shu bilan birga, arxivda AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton ishtirok etgan bir qator suratlar mavjud. Jumladan, suratlardan birida u djakuzida tasvirlangan bo‘lib, uning yonida turgan shaxsning yuzi qora kvadrat bilan yopilgan.
Bundan tashqari, ayrim fotosuratlarda mashhur qo‘shiqchi Maykl Jekson, The Rolling Stones guruhi vokalisti Mik Djagger, Google hamasoschisi Sergey Brin va Microsoft asoschisi Bill Geyts ham aks etgan.
Arxivda e’tiborni tortgan yana bir tasvir – ayol oyog‘i surati bo‘lib, unga Vladimir Nabokovning «Lolita» romaniga oid iqtibos yozilgan.
Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarni e’lon qilish keyingi bosqichlarda ham davom ettiriladi.