Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida siyosiy mablag‘ bilan bog‘liq mojaro tufayli hukmron Liberal-demokratik partiya fraksiyasi rahbari lavozimini tark etishga qaror qildi, deb yozdi “Kyodo news”.
Mamlakatda urf bo‘lgan siyosatchilarning ziyofat uyushtirishi orqali yig‘iladigan mablag‘ yuzasidan janjal kelib chiqdi. Bunday tadbirlarga, asosan, ishbilarmonlar chipta sotib oladi. Har bir fraksiya an’anaviy tarzda bunday chiptalar soni bo‘yicha kvota o‘rnatadi, bir chipta, odatda, 20 ming yen (taxminan 136 dollar) turadi. Kvotadan ortiq mablag‘ LDP qonun chiqaruvchilariga o‘tkazilishi lozim, ammo moliyaviy hisobotda aks ettirilmay, maxfiy fond sifatida ham ishlatilishi mumkin.
“TBS” telekanali ma’lumotiga ko‘ra, hozir Tokio prokuraturasi marhum sobiq Bosh vazir Sinzo Abening LDP tarkibidagi eng yirik fraksiya a’zolariga o‘tkazilgan salkam 100 million yen (679 ming dollar)ni qayta ishlash jarayonini tekshiryapti. Shu bilan birga barcha besh fraksiyaga nisbatan siyosiy xayriya to‘g‘risidagi qonun buzilishi holati yuzasidan ham tergov olib borilyapti. Fraksiyalardan birini hukumatning hozirgi rahbari Kisida boshqaradi. U ayni payt butun LDP raisi ham hisoblanadi. Fraksiya rahbari lavozimini tark etish, hukumat reytingi Yaponiyada “xavfli chiziq” sifatida ko‘riladigan 30 foizdan pastga keskin tushib ketishi omillaridan biriga aylangan janjal sharoitida, Fumioga partiyada betaraf pozisiyani egallash imkonini beradi.