Rossiya qo‘shinlari 7 noyabrga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyev va uning atrofidagi bir qator ob’ektlarga keng ko‘lamli zarbalar berdi. Hujumlar oqibatida energetika infratuzilmasi shikastlanib, shaharda elektr, issiqlik va suv ta’minoti bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga keldi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Kiyevda "Flamingo" raketalarini ishlab chiqarishi aytilgan "Meridian" korxonasi hamda Shimoliy avtomobil ko‘prigi nishonga olingan.
Shuningdek, Kiyev viloyatidagi 1800 MVt quvvatli Tripole issiqlik elektr stansiyasi, 750 kV kuchlanishli "Kiyevskaya" nimstansiyasi va Brovari shahridagi raketa yoqilg‘isi komponentlarini ishlab chiqaruvchi zavodga zarba berilgani bildirildi.
Rossiya tomoni Jitomir viloyatida harbiy sanoat korxonalarini elektr bilan ta’minlovchi 330 kV nimstansiya hamda Qora dengizda harbiy yuk tashiyotgani da’vo qilingan kemaga hujum uyushtirilganini ham ma’lum qildi.
Kiyev meri Vitaliy Klichko Shimoliy ko‘prik shikastlanganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prikda transport harakati har ikki yo‘nalishda to‘liq to‘xtatilgan.
Klichko poytaxtda elektr energiyasi, isitish va suv ta’minoti bo‘yicha "o‘ta og‘ir vaziyat" yuzaga kelganini ta’kidladi.
Rossiya vazirligi e’lon qilgan barcha nishonlar va ularga yetkazilgan zarar ko‘lami mustaqil ravishda to‘liq tasdiqlanmagan.