Sobyanin Moskvaga uchib kelayotgan 430 ta dron urib tushirilganini ma’lum qildi
Belgorod viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Shuvayev Telegram'da fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar berilgani haqida yozdi. Belgorodning ayrim hududlarida va bir nechta munisipal tumanlarda elektr hamda suv ta’minotida uzilishlar boshlandi.
Mulozim Belovskoye qishlog‘ida uch kishi jarohatlangani, keyinroq esa u yerda bir kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, tunda Shuvayev Belgorod va uning atrofiga takroriy raketa zarbalari berilganini yozib qoldirdi.
"Astra" tahliliga ko‘ra, Belgorodda "Gazprom transgaz Moskva" MCHJ filiali hisoblangan Belgorod magistral gaz quvurlari chiziqli ishlab chiqarish boshqarmasi hujumga uchragan. Ushbu korxonaning vazifasi Belgorod viloyati hududidagi magistral gaz transporti ob’ektlaridan foydalanish va iste’molchilarga gaz yetkazib berishni ta’minlashdan iborat.
Kaluga viloyati gubernatori Vladislav Shapsha esa Dzerjinskiy okrugidagi sanoat korxonasida dronlar hujumidan keyin yong‘in chiqqanini ma’lum qildi. Jarohatlanganlar yo‘q.
Moskva meri Sergey Sobyanin 7 iyul kuni erta tongda Rossiya poytaxtiga 430 dan ortiq dron hujum qilganini yozdi. "Katta qismi Havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan uzoq masofalarda zararsizlantirildi. 36 ta dushman droni Moskvaga yaqinlashishda yo‘q qilindi", — deydi u.
TASS agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu Ukraina Qurolli Kuchlarining so‘nggi ikki yil ichida Moskvaga uyushtirgan eng yirik hujumidir.
Rossiya Mudofaa vazirligi jami bo‘lib mamlakatning 15 ta hududi, anneksiya qilingan Qrim, shuningdek, Azov va Qora dengizlar uzra Ukrainaning 452 ta droni yo‘q qilingani haqida hisobot berdi