Bugun 16 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Keniyada Ebolaning ikkinchi holati aniqlandi: 108 kishi karantinga olingan

Keniyada Ebolaning ikkinchi holati aniqlandi: 108 kishi karantinga olingan

Keniyada Ebola virusi bilan kasallanishning ikkinchi holati qayd etildi.39 yoshli erkak birinchi bemorning yaqin qarindoshi bo‘lib, kasallik belgilari paydo bo‘lishidan oldin karantinga olingan edi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi bemor alomatlar kuzatilgach, darhol ajratib qo‘yilganini ma’lum qildi.

«Reyter» agentligi xabar berishicha, Keniya rasmiylari har ikki holat o‘zaro bog‘liq ekanini bildirgan. Hozircha infeksiyaning keng jamoatchilik orasida tarqalganini ko‘rsatuvchi dalillar aniqlanmagan.

Kasallanishning birinchi holati Kongodan qaytgan keniyalik erkakda aniqlangan. U 3 oktyabr kuni Nayrobiga uchib kelgan, 5 oktyabr kuni esa shifoxonada vafot etgan.

Rasmiylar birinchi bemor bilan aloqada bo‘lgan 128 kishidan 113 nafarini aniqlagan. Ularning 108 nafari karantinga olingan, qolgan besh kishi esa Keniyadan tashqarida bo‘lib, tegishli mamlakatlarning sog‘liqni saqlash idoralari xabardor qilingan. Yana 15 kishini qidirish ishlari davom etmoqda.

Ikkinchi bemor bilan aloqada bo‘lgan shaxslar, jumladan, tibbiyot xodimlari va karantin markazi mutaxassislari ham tekshirilmoqda.

Aeroportda nazorat kuchaytirildi

Birinchi holat aniqlanganidan so‘ng Keniya Nayrobi xalqaro aeroportida Kongo va epidemiya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa mamlakatlardan kelgan yo‘lovchilar uchun maxsus tekshiruv nuqtasini tashkil etdi.

Biroq mutaxassislar Ebolaning dastlabki belgilari boshqa kasalliklarga o‘xshash bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Shuningdek, parasetamol kabi dorilar tana haroratini pasaytirib, faqat haroratni o‘lchashga asoslangan tekshiruv samaradorligini kamaytirishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi bemor Kongo va Uganda o‘rtasidagi, may oyidan beri yopiq bo‘lgan chegaradan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Bu holat mintaqadagi chegara nazorati samaradorligi yuzasidan savollarni keltirib chiqargan.

Kongodagi epidemiya davom etmoqda

Kongoda epidemiya may oyi o‘rtalarida e’lon qilingan, ammo kasallik tarqalishi bundan bir necha oy oldin boshlangan bo‘lishi mumkin. Manbada keltirilishicha, epidemiyaga Bundibugio turidagi Ebola virusi sabab bo‘lgan. Ushbu shtammga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki maxsus davolash usuli mavjud emas.

Xabarda Kongoda kasallanish holatlari 9 mingdan oshgani, 4 mingdan ortiq kishi vafot etgani aytilgan. Yil boshida Ugandada 20 ta holat va ikki o‘lim qayd etilgan, avgust oyida esa mamlakat Eboladan xoli deb e’lon qilingan. Iyun oyida Kongodan Fransiyaga qaytgan shifokorda ham virus aniqlangan, ammo keyinchalik boshqa tarqalish kuzatilmagan.

Keniyadagi ikkinchi holat infeksiya tarqalishining oldini olish uchun bemorlar bilan aloqada bo‘lganlarni tez aniqlash va kuzatish muhimligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Kiritildi: 18:46 15.10.2026. O'qildi: 373 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!