Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mamlakatda ikkinchi odamga Bundibudjio virusi tashxisi qo‘yilganidan so‘ng, Keniyaning Ebola tarqalishiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
39 yoshli bemor Keniyada 5 oktyabr kuni vafot etgan birinchi bemorning qarindoshidir.
Erkak karantinga olinganlar orasida edi. Unda 13 oktyabr kuni Ebola alomatlari paydo bo‘ldi.
JSSTning Keniyadagi vakili Nima Rusibamayila Kimambo BMT Yangiliklar xizmatiga bergan intervyusida hukumatning birinchi holat bilan aloqada bo‘lganlarni aniqlash va karantinga olish bo‘yicha sa’y-harakatlarini olqishladi.
— Ammo bu kasallikni yengish faqat hukumat yoki hamkorlarimizga bog‘liq emas - bu har birimizga bog‘liq, — deb ta’kidladi u. — Har kimning o‘z roli bor va agar hamma o‘z hissasini qo‘shsa, biz kasallikning tarqalishini to‘xtata olamiz.
Keniyadagi birinchi Ebola qurboni Kongo Demokratik Respublikasida yashovchi mamlakat fuqarosi bo‘lgan. Kongo Demokratik Respublikasi sharqiy qismida misli ko‘rilmagan epidemiya tarqalishda davom etmoqda.
Erkak 3 oktyabr kuni Uganda orqali Keniyaga borgan va ikki kundan keyin poytaxt Nayrobidagi kasalxonada vafot etgan.
Kimambo sog‘liqni saqlash idoralarini bemor bilan parvoz paytida ham, kelganidan keyin ham aloqada bo‘lgan odamlarni kuzatishda "imkon qadar keng qamrov"ni ta’minlagani uchun maqtadi.
Ro‘yxatga 40 dan ortiq kishi kiritilgan: yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari, salon tozalovchilari, aeroport xodimlari, immigrasiya xodimlari, tibbiyot xodimlari va oila a’zolari.
Ularning aksariyati karantinda, bir nechta past xavfli shaxslar esa mutaxassislar nazorati ostida o‘zini izolyasiya qilmoqda. Ayni paytda, hali topilmagan olti yo‘lovchini topishga harakat qilinmoqda (ular xorijiy telefon raqamlaridan foydalanmoqda).
Kimambo hozirda sayohat cheklovlarini qo‘llash yoki davlat chegaralarini yopishga hojat yo‘qligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, u kasallik alomatlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan sayohatchilarni aniqlash uchun tekshiruv o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.