FT: Yevropa Ittifoqida Kaya Kallas mahkamasining vakolatlarini qisqartirish g‘oyasi muhokama qilinmoqda.
Evropa Ittifoqining bir nechta davlati, jumladan Fransiya va Germaniya, geosiyosiy inqirozlarga tezkor munosabat bildirishni yaxshilash maqsadida ittifoqning diplomatik xizmatini isloh qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Bu haqda Financial Times gazetasi beshta yuqori martabali manbasiga tayanib yozmoqda.
Gazetaning xabar berishicha, hukumatlar o‘rganayotgan variantlar qatorida YEIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas hamda unga bo‘ysunuvchi Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) vakolatlarini qisqartirish ham bor. Yillik byudjeti 1 milliard yevroni tashkil etuvchi ushbu mahkama vakolatlarining bir qismi Yevropa komissiyasi hamda a’zo davlatlarga qaytarib berilishi mumkin, deyiladi xabarda.
EEAS bundan 15 yil avval Yevropa Kengashi va Yevropa komissiyasining tashqi aloqalar departamentlarini birlashtirish orqali tashkil etilgan bo‘lib, u ushbu ikkala organga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunmaydi. O‘z mohiyatiga ko‘ra, EEAS Yevropa Ittifoqi darajasidagi TIV va ittifoqning diplomatik korpusi vazifasini bajaradi.