Bugun 31 oktyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

«Katta davlatlar o‘yin o‘ynashyapti. Zaif musulmon davlatlari esa ularga koptok bo‘lmoqda»

«Katta davlatlar o‘yin o‘ynashyapti. Zaif musulmon davlatlari esa ularga koptok bo‘lmoqda»

Bugun bir xabar o‘qib qoldim: Gollandiyada 1 avgustdan e’tiboran jamoat joylarida muslimalarning burqa va niqobi rasman taqiqlanibdi. Bu taqiqni buzganlar 150 yevro miqdorida jarimaga tortilar ekan.

Fransiyada bu taqiq 2014 yilda kuchga kirgan edi. Yevropa inson huquqlari sudi buni tasdiqlagan va inson huquqlariga zid emas deb qaror chiqargan. Ha, bu voqealar hamma nomini eshitganda og‘zining suvi qochadigan, hamma joyda inson huquqlari deb jar soladigan o‘sha Yevropada bo‘lmoqda. Hatto bu xudo bexabarlar geylarga ham inson huquqlari deb ruxsat berib qo‘yibdi. Ularning nazarida bu inson huquqlariga kirar ekan. Ularning iflos ko‘ngli shuni tusabdimi, demak, bu ishni qilishga haqqi bor emish. Taqiqlash mumkin emas ekan. Lekin muslimalarning yuzini berkitib yurishi masalasiga kelganda fikrlari boshqacha chiqadi.  Bilasizmi, bu nimadan darak beradi? Bu aslida ular biz o‘ylaganchalik adolatli emasligini bildiradi. Agar o‘zlarining manfaatiga to‘g‘ri kelsa, adolatni eslashadi. Mabodo manfaatiga mos kelmasa, tupurib qo‘yishadi  o‘sha adolatga. Ular bu ishni ustalik bilan bajarishadi.

Aslida haqiqiy adolat yaratganning huzuridagina bo‘ladi. Qolgan barchasi aldamchi. Biz shunchaki ko‘p adolatsizliklarni ko‘rganligimiz uchun ham ular bizga adolatliroq bo‘lib tuyuladi. Buning yana bir sababi, ularning Islomga bo‘lgan dushmanliklaridir.

Shu yerda kimdir e’tiroz bildirishi mumkin. Ya’ni o‘z yurtida soqol qo‘ya olmagan, hijob kiya olmaganlar o‘sha Yevropada bemalol yashaydi-ku deb. Ha, yashar edi. Endi bundan keyin bu qiyinlashib boraveradi. Chunki oldin musulmonlar kam sonli bo‘lganligi uchun e’tibor berishmagan. Musulmonlar soni ko‘payayotganligini sezgach, xavotirga tusha boshlashdi.Germaniyada Quro’nni yirtish, masjidlarga hujum uyushtirish, Fransiyada va Gollandiyada hijobni taqiqlash. Ular bu  ishlari o‘zlari aytayotgan inson huquqlari, demokratiya degan gaplariga to‘g‘ri kelmasligini bilishmaydi deysizmi. Juda ham yaxshi bilishadi. Bunday paytda bez bo‘lib, so‘z o‘yini qilishadi.

Kimdir e’tiroz bildirishi mumkin bo‘lgan yana qiziq bir fakt: kuni kecha o‘sha nasroniy G‘arb davlatlari Xitoydagi musulmon uyg‘urlarni himoya qilib chiqdi. Xitoyga e’tirozlar bildirishdi. Dunyodagi musulmon davlatlar esa Xitoy bilan aloqani uzsa, go‘yo och qoladigandek yaltoqlanib “nima qilsang qilaver”, demoqda. Ertaga Xitoy ularni ham uyg‘urlardan besh battar ahvolga solishini tushunib yetishmayapti. Shunchalik ham kalta o‘ylash bo‘ladimi?

Ha, mayli. Xo‘sh, nega G‘arb davlatlari musulmonlarni himoya qilib Xitoyga e’tiroz bildiryapti? Nima, musulmonlarga rahmilari kelib ketdimi? Yoki muz yuraklari eridimi? Yo‘q, musulmonlar bitta qolmay qirilib ketsa ham, ular pinaklarini buzishmaydi. Agar rahm-shafqatni bilganlarida, haqiqatan ham inson huquqlarini himoya qilishganda Suriyadagi, Liviyadagi, Iroqdagi, Afg‘onistondagi qirg‘inbarotlar boshlanganda ovozlarini chiqarardi. Millionlab musulmonlar qirilib ketdi. Biron marta inson huquqlarini eslashmadi.

Unda nega Xitoyda eslab qolishdi? Sababi Xitoy ularning manfaatiga mos kelmayapti. Xitoy ularga xalaqit qilmoqda. Xitoy ularga yoqmayapti. Shuning uchun ham musulmonlarni bahona qilib Xitoyga bosim o‘tkazishga harakat qilishmoqda. Ana shunaqa gaplar. Uyg‘urlarni himoya qilish esa bir bahona, xolos. Xullas, katta davlatlar o‘ynashyapti. Zaif musulmon davlatlari esa ularga koptok bo‘lmoqda.  

Ikrom Ulug‘boyev

Manba: azon.uz

Kiritildi: 07:30 28.07.2019. O'qildi: 11382 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!