O‘zbekistonda 2026 yilda kartoshka chipslari uchun aksiz solig‘i joriy etilishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim qilinayotgan 2026−2028 yillar uchun Byudjetnomada gap boradi.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan boshlab iste’molga tayyor 1 kg kartoshka chipslari uchun 15 ming so‘m miqdorda aksiz solig‘i joriy etiladi.
Ushbu aksiz solig‘i kartoshka chipslarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar va O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kiruvchilar tomonidan to‘lanishi belgilanmoqda.
«Mazkur taklif Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining ortiqcha vaznga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining sog‘lom ovqatlanishni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha tavsiyalari asosida ishlab chiqildi va bu bo‘yicha boshqa davlatlar tajribalari o‘rganildi», – deyiladi Byudjetnomada.