Bugun 17 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Kanadaning neft va gazga boy Alberta provinsiyasida mustaqillik masalasi bo‘yicha dastlabki referendum bo‘lib o‘tadi

Kanadaning neft va gazga boy Alberta provinsiyasida mustaqillik masalasi bo‘yicha dastlabki referendum bo‘lib o‘tadi

BBC nashrining xabar berishicha, 19 oktyabr kuni albertaliklar Kanadadan ajralish bo‘yicha asosiy referendumni o‘tkazish kerakmi yoki yo‘q, degan masalada ovoz beradi. Ushbu ovoz berish Albertaning darhol mustaqil bo‘lishini anglatmaydi. Referendumda kelajakda mustaqillik bo‘yicha alohida, yuridik kuchga ega referendum o‘tkazish masalasi hal qilinadi. So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, Alberta aholisining qariyb 70 foizi Kanadadan ajralib chiqishga qarshi, taxminan chorak qismi esa mustaqillikni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Kanada bosh vaziri Mark Karni Kalgari shahrida o‘tkazilgan mitingda referendum mamlakat uchun noqulay paytda tashkil etilganini aytib, aholini unga qarshi ovoz berishga chaqirdi.

"Mamlakatimiz tashqarisidagi ayrim kishilar bizni bo‘lib tashlash va o‘zlariga bo‘ysundirishga harakat qilmoqda", — dedi Mark Karni Kalgaridagi mitingda.

Referendumda Alberta aholisiga jami o‘nta savol beriladi. Ularning to‘qqiztasi asosan mahalliy hokimiyat vakolatlariga, o‘ninchisi esa mustaqillikka taalluqli. Asosiy savolda Alberta Kanada tarkibida qolishi kerakmi yoki hukumat mustaqillik bo‘yicha yuridik kuchga ega referendum o‘tkazish jarayonini boshlashi kerakligi so‘raladi.

Alberta hukumati rahbari Daniyel Smit mustaqillik haqidagi savolni may oyida referendumga kiritgan. Bunga ajralish tarafdorlari tomonidan to‘plangan qariyb 300 ming imzoli petisiya sabab bo‘lgan. Smitning o‘zi Kanadadan ajralishga qarshi. Uning aytishicha, referendum aholiga bu masalada o‘z fikrini bildirish imkonini beradi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Kanadaga nisbatan siyosati ham Alberta mustaqilligi atrofidagi bahslarga sabab bo‘lmoqda. AQSh moliya vaziri Skott Bescent Albertani Qo‘shma Shtatlarning “tabiiy hamkori” deb atagan. Mustaqillik tarafdori bo‘lgan Alberta Prosperity Project tashkiloti vakillari esa bir necha bor AQSh Davlat departamentida uchrashuvlar o‘tkazgan. Globe and Mail gazetasi tashkilot yetakchisi Mitch Silvestr va uning jamoasi Respublikachilar partiyasi vakillari bilan ham aloqada bo‘lganini yozgan.

Kiritildi: Bugun 13:03. O'qildi: 293 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!