Olimlar 2023 yilda Kanadani qamrab olgan yirik o‘rmon yong‘inlari tutuni butun dunyo bo‘ylab 82 100 kishining bevaqt o‘lishiga sabab bo‘lganini aniqlashdi.
Kanada, AQSh va Xitoy tadqiqotchilari may–sentyabr oylari orasida yuz bergan yong‘inlar natijasida havo ifloslanishining inson salomatligiga ta’sirini o‘rganish uchun sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari va turli kompyuter modellaridan foydalanishdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Kanada yong‘inlari tutuni AQShning shimoli-sharqi va Yevropaning g‘arbiy sohillariga yetib borgan va dunyo miqyosida 82 mingdan ortiq erta o‘limga sabab bo‘lgan. Ulardan 64,3 ming nafari Shimoliy Amerika va Yevropada qayd etilgan. Faqat 26 iyun – 7 iyul kunlari orasidayoq AQSh va Kanadada 5,4 mingga yaqin to‘satdan o‘limlar aynan ushbu yong‘inlar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Shuningdek, olimlar uzoq vaqt davom etgan yong‘inlar global miqyosda mayda zarrachalar (PM2.5) chiqindilarining taxminan 13 foizini tashkil qilganini va yillik ko‘rsatkichni 0,17 ga oshirganini aniqladilar.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bunday yong‘inlar hatto bir yil ichidayoq global uglerod aylanishi, ekotizimlar, havo sifati va inson salomatligiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ular, shuningdek, iqlim o‘zgarishi bu salbiy ta’sirlarni kuchaytirayotganini va odamlarni himoya qilish uchun erta ogohlantirish tizimlari, havo sifatini bashorat qilish va xalqaro hamkorlik muhimligini urg‘ulashdi.
Tadqiqot Nature jurnalida chop etilgan.
2023 yildagi Kanada yong‘inlari mamlakat tarixidagi eng yirik va so‘nggi o‘n yillikda dunyoda kuzatilgan eng katta yong‘inlardan biri bo‘ldi.