Bugun 24 may, 2025 yil, shanba

КИР

“Kampirobod” suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortishda Xitoy kompaniyasi yordam beradi

A A A
“Kampirobod” suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortishda Xitoy kompaniyasi yordam beradi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi vise-prezidenti Lyu Shenchen boshchiligidagi kompaniya vakillarini qabul qildi.

Uchrashuvda Xitoy kompaniyasi ishtirokida Farg‘ona viloyatida Quyosh fotoelektr stansiyasi qurish, “Kampirobod” suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortish, ijtimoiy ob’ektlar, shu jumladan, maktablar va tibbiyot muassasalarini loyihalash, qurish yoki kapital rekonstruksiya qilish, Ekoshahar hududida 25 qavatli turarjoy majmualari barpo etish loyihalari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuv viloyat hokimi boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegasiyasining yaqinda Xitoyga bo‘lgan amaliy tashrifi davomida “CAMC Engineering” kompaniyasini o‘z tarkibiga oluvchi Xitoy milliy mashinasozlik sanoati korporasiyasi – “SINOMACH” rahbariyati bilan o‘tkazilgan samarali muzokaralarning davomi bo‘ldi.

– O‘zbekiston so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida jadal iqtisodiy rivojlanib borayotgani xorijiy sarmoyadorlar, xususan, Xitoy sarmoyadorlari uchun katta investision jozibadorlik kasb etmoqda, – deydi Lyu Shenchen. – Haqiqatdan ham yurtingizda investisiyaviy, iqtisodiy ulkan salohiyat bor.Kompaniyamiz O‘zbekiston hududlari orasida Farg‘ona viloyatida asosiy loyihalarini amalga oshirishni ko‘zda tutmoqda.

Kompaniya tomonidan Beshariq tumanida barpo etish rejalashtirilayotgan 500 mVt quvvatli, loyiha qiymati 300 million dollar bo‘lgan Quyosh fotoelektr stansiyasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tungi elektr ta’minotida kamayish bo‘lmasligining oldini olish maqsadida bunday loyihalar energiya saqlash batareya stansiyasini ham o‘z ichiga olishi lozimligini qayd etdi. Bu boradagi loyihada mavjud innovasion Xitoy tajribalarini tatbiq etish imkoniyatlari ham o‘rganib chiqiladigan bo‘ldi.

“Kampirobod” suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ham amaliy ishlarga kirilishi belgilab olindi, bu maqsadda tashkil etilgan qo‘shma ishchi guruh loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqadi.

“Kampirobod” suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortish hamda ijtimoiy ob’ektlarni loyihalash, qurish yoki kapital rekonstruksiya qilish loyihalariga “CAMC Engineering” vositasi bilan Xitoy Eksimbankining uzoq muddatli va arzon foizli kredit liniyalarini jalb qilish yuzasidan ish olib borilmoqda.

Kelgusi oy boshlarida Xitoy Eksimbank rahbarining mamlakatimizga tashrifi davomida viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning Eksimbank rahbari bilan bu loyihalarni moliyalashtirish shartlari bo‘yicha muhokama uchrashuvi o‘tkazilishi belgilab olindi.

Toshkentda Olimpiya shaharchasi loyihasini amalga oshirayotgan “CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan Farg‘ona shahrida barpo etilayotgan ekoshahar hududida 25 qavatli turar-joylar majmuasini barpo etish loyihalariga ham kirishiladigan bo‘ldi.

O‘zining arxitektura kompaniyasida 3500 nafardan ziyod me’morni jamlagan “CAMC Engineering” hozirgi kunda Toshkent Yangi shahar konseptual bosh rejasini ishlab chiqishga ham kirishayotganini bildirgan Lyu Shenchen Farg‘ona viloyatida ham bunday loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini aytdi. Qo‘qon shahrida barpo etiladigan yangi shaharcha loyihasi bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Kiritildi: 14:25 25.09.2023. O'qildi: 1065 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!