Bugun 16 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Kambag‘allikdan qutilish yo‘llari

A A A
Kambag‘allikdan qutilish yo‘llari

Umar ibn Xattob va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumolarning hukmlari

Mo‘minlar amiri hazrati Umar roziyallohu anhu ham bunday hukmlarni chiqarganlar. Sufyoy ibn Uyayna roziyallohu anhu Abu Xolid Ahmardan, u Hajjojdan, u Amrdan sahoba Said ibn Musayyabning bunday deganlarini rivoyat qiladi: “Umar bir guruh yosh bolalarning nafaqasini bir necha kishilarning zimmasiga yukladi”.

Ibn Abu Shayba quyidagi rivoyatda Abu Xolid Ahmardan, u Hajjojdan, u Amrdan sahoba Said ibn Musayyabning bunday deganlarini rivoyat qilgan: “Bir yetimni qaramog‘iga olgan kishi Umar ibn Xattobning oldiga yordam so‘rab keldi. Umar: “O‘zing ta’minla!” dedi va keyin yana “Agar eng uzoq qarindoshi bo‘lganda edi, o‘shanga yuklardim”, dedi”.

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu ham shunga o‘xshash hukmni chiqargan. Ibn Abu Shayba quyidagi hadisni Humayd ibn Abdurrahmondan, u Hasandan, u Mutorrifdan, u Ismoildan, u Hasandan rivoyat qilib, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning “Agar faqat ona va amaki qolsa, ona ham, amaki ham olgan meroslariga yarasha nafaqa qilishi shart” deganlarini keltiradi.

Salaf ulamolarimizning qarashlari

Ibn Jurayj aytadi: “Men Atodan “Merosxo‘rga ham xuddi shundoq” oyati haqida so‘raganimda “Meros oladigan bo‘lganidan keyin, nafaqasiga ham javobgar bo‘ladi-da”, dedi. Men: “Meros ololmasa ham merosxo‘r nafaqasiga javobgar bo‘laveradimi?” deb so‘raganimda, “Nima unda o‘lishiga qo‘yib berar ekanmi?!” deb javob berdi.

Hasan Basriy rahimahulloh “Merosxo‘rga ham xuddi shundoq” oyati borasida “Meros oladigan kishi yetimning barcha ehtiyojlariga yetadigan miqdordagi mablag‘ni infoq qilishi shart” degan.

Qarindoshlar nafaqasi borasida Imomi A’zam rahmatullohi alayhning mazhablari:

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhablariga ko‘ra, kishi kambag‘al bo‘lib qolsa, unga mahram bo‘lganlarning zimmasiga nafaqa majburiyati yuklanadi. Shunga ko‘ra, farzandlar va qancha pastlasa ham, nabiralarga, abiralarga, shu bilan birga, otaga, boboga va boboning otalariga ham (albatta, tirik bo‘lishsa) nafaqa majburiyati yuklanadi. Avlodlar yoki ajdodlarning nafaqa oluvchi bilan bir dinda bo‘lish yo bo‘lmasliklarining farqi yo‘q. Shulardan boshqalarga dinlari bir bo‘lgandagina nafaqa to‘lovi yuklatiladi. Ya’ni musulmon kishining musulmon bo‘lmagan qarindoshi kambag‘al bo‘lib qolsa, o‘sha musulmon nafaqaga majburlanmaydi.

Bundan tashqari, nafaqa yuklatiladigan yaqinlar nafaqa qila oladigan holatda bo‘lishlari shart. Ular ham nochor bo‘lsa, ular nafaqaga majburlanmaydi. Shuningdek, nafaqa boshqa hech qanday chora qolmagandagina tayinlanadi. Masalan, yosh bola kambag‘al bo‘lsa, mehnatga layoqatli bo‘lmagani uchun unga nafaqa tayinlash mumkin. Yoshi kattalardan ayollar ham biror cheklovlarsiz kambag‘allikning o‘zi bilan nafaqaga haqdor bo‘laveradilar. Erkak kishiga nafaqa tayinlanishi uchun, bemor yoki mehnatga layoqatsiz bo‘lishi lozim. Ammo sog‘lom bo‘lsa nafaqa majburiyati yuklatilmaydi. Bu shartlar topilganda meros olish huquqiga ega bo‘ladi. Farzand nafaqasi faqat otaga vojib bo‘ladi. Otasi tirik bo‘la turib, boshqa yaqinlar infoqqa majburlanmaydi. Ibn Ziyd Lu’luiyning aytishicha, qiyosga ko‘ra ota-onaga yuklatiladigan nafaqa miqdori ularning merosdagi ulushlariga qarab belgilanadi.

Qarindoshga nafaqa belgilashda qo‘yiladigan talablar

Nafaqa vojib bo‘lishi uchun ulamolar ikki asosiy shartlar topilishi kerakligini aytganlar. 

Birinchisi, kambag‘al kishi haqiqatda muhtoj bo‘lishi kerak. Bordiyu unda ozgina mablag‘i yoki mehnat qilishga layoqati bo‘lsa nafaqa ajratilmaydi. Chunki nafaqa faqat chorasiz qolganlarga ko‘maklashish maqsadida joriy qilingan.

Ikkinchisi, nafaqa majburiyati yuklatilgan kishining beradigan yordami ham o‘zining ehtiyojlaridan ortiqcha bo‘lishi kerak. Nafaqat o‘zini, oilasini boqishdan orttirgan bo‘lishi zarur. Boshqacha aytganda, nafaqa berib o‘zi ham nafaqaga muhtoj bo‘lib qolmasligi lozim. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz: “Avval o‘zingdan boshla, keyin oila a’zolaringdan”, deganlar .

Shunday ekan, nafaqa insonning o‘ziga zarur bo‘lib turgan narsalaridan ortiqchasi bo‘lishi kerak. O‘zi uchun zarur bo‘lgan narsalarga esa, zimmasidagi ayolining nafaqasi ham kiradi .

Islom dini nafaqaga miqdor belgilamagan. Chunki odamlarning ehtiyojlari turlichadir. Qolaversa, infoq qiladiganlar ham bir xil darajada mol-davlatga ega bo‘lmaydi. Odamlar orasida rizqi mo‘l boylari ham, o‘rta hol yashaydiganlari ham bor. Islomning birdan-bir talabi, hamma imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zsin, kambag‘alni yo‘qsillik balosidan qutqarsin. Bu yo‘lda nimaiki yaxshi chora bo‘lsa qo‘llasin.

Alloh taolo aytadi: “Rizqi keng kengligidan nafaqa qilsin. Kimning rizqi tor bo‘lsa, unda Alloh berganidan nafaqa qilsin. Alloh har bir nafsni O‘zi berganidan ortiqchaga taklif qilmas” ;

“Ularni boy boricha, yo‘q holicha yaxshilik ila foydalantiring” ;

“Ularni yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir” .

Ulamolar nafaqaga nimalar kirishini birma-bir sanab o‘tishgan:

1 – ovqat va suv.

2 – qish va yoz fasli uchun alohida kiyim-kechak.

3 – turar joy, unga tegishli jihoz va to‘shaklar.

4 – o‘ziga-o‘zi xizmat qila olmaydiganlarga yordamchi.

5 – nikohga rag‘bat qilib turganlarni oila qurishiga ko‘maklashish.

6 – oila a’zolari ehtiyojlari uchun sarf-xarajat.

Ibn Qudoma rahimahulloh “Kofiy” nomli asarida aytganlar: “Qarindoshga beriladigan nafaqa har tomonlama ehtiyojlarini qondirishga yetadigan miqdorda bo‘lishi lozim. Chunki nafaqa aynan muhtojlik sababli joriy qilinadi. Shuning uchun, u muhtojlikni batamom bartaraf etishi kerak. Agar biror xizmatkorga ehtiyoj sezilsa xizmatkor yollanadi. Bordiyu kambag‘alning ayoli bo‘lsa ayolning nafaqasi ham to‘lab beriladi. Zotan, bularsiz muhtojlik bartaraf etilmaydi”.

Nafaqasi belgilangan qarindoshlar agar ehtiyoj sezishsa, nikohlab qo‘yiladi. Masalan, o‘g‘il otani, boboni yoki, aksincha, ota farzandini. Oila qurishga bo‘lgan ehtiyoj ham kambag‘allarga ozor berishi mumkin. Shu bois, oila qurish ular uchun, ovqat, kiyim-kechak kabi zarur bir narsaga aylanadi. Lekin bunda birorta kampir yoki badbashara ayolga nikohlab qo‘yilmaydi. Chunki nikoh huzurlanish, ulfatchilik uchun tuziladi. Kampir yoki badbashara ayol bilan huzurlanib bo‘lmaydi.

Davolanish borasida aniq bir gap aytilmagan. Ya’ni kambag‘al bemor bo‘lib qolsa, uning qarindoshlari dori-darmon uchun haq to‘lashga majbur yoki majbur emasligi haqida aniq ma’lumot kelmagan. Lekin dori-darmon nafaqa tarkibiga kirmaydi.

Bundan tashqari, ulamolar tibbiyotni ko‘pincha taxminlarga asoslanadi, deb bilishgan. Aynan shuning uchun ham, inson o‘zini-o‘zi davolashi mustahab bir amal sanaladi, majburiyat emas. Shunday ekan, o‘ziga majburiy bo‘lmagan xizmatni boshqalarga ko‘rsatish ham majburiy emasligi haqida fatvo chiqarganlar. Ammo bugungi kunda kasallikni aniqlash juda oson ish bo‘lib qoldi. Ularga davolar ham ma’lum. Shuning uchun, kasalni davolamaslik uni azoblash bilan teng hisoblanadi.

Davolanishning shartligi hadisi shariflarda ham o‘z ifodasini topgan: “Ey Allohning bandalari, davolaninglar. Chunki dardni yaratgan Zot, davosini ham yaratgandir”.

Qarindoshlarga nafaqa qilish Islomning o‘ziga xos jihatlaridan biridir

Islom dini kambag‘alga beriladigan nafaqani boy qarindoshning zimmasiga yuklash bilan ijtimoiy birdamlik binosiga tamal toshini qo‘ydi. Buni shunchaki savobli ish deb emas, balki Alloh buyurgan va bajarilishi shart bo‘lgan majburiyat sifatida baholashga chaqirdi. Shunday qilib, har bir musulmon kambag‘al boy yaqinlaridan nafaqa talab qilish huquqiga ega bo‘ldi. Islom shariati esa bu masalada kambag‘alning yonini oladi.

Doktor Muhammad Yusuf Muso “Islom va bashariyatning unga bo‘lgan ehtiyoji” nomli kitobida bir voqeani keltiradi: “Shu o‘rinda bir narsa yodimga tushdi. Fransiyaga borganimda ozgina muddat bir oila bilan birga yashashga to‘g‘ri keldi. O‘sha xonadonda xizmatkor qiz bor edi. Ko‘rinishidan aslzodalarning farzandiga o‘xshardi. Uy bekasidan “Bu qiz nega xizmatkorlik qilib yuribdi? Yordam qiladigan, uni bu mashaqqatlardan qutqaradigan yaqinlari yo‘qmi?” deb so‘radim. Uning javobi quyidagicha bo‘ldi: “U aslida o‘ziga to‘q oilaning farzandi. Uning juda boy amakisi bor. Lekin unga g‘amxo‘rlik qilmaydi, jiyanining muammolari bilan qiziqmaydi”. Men: “Nima uchun nafaqa tayinlash uchun mahkamaga ariza topshirmaydi?” dedim. U ayol gaplarimdan hayratga tushdi va menga bu qonunda belgilanmaganini tushuntirdi. Fursatdan foydalanib, unga bu masalada Islomning me’yorlarini tushuntirdim. Gaplarimni tinglagach, ayol bunday dedi: “Agar siz aytgan narsalarga amal qilinganida, birorta qiz ish izlab sarson bo‘lmasdi” .

Manba: azon. uz

Kiritildi: 21:15 11.03.2020. O'qildi: 4971 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!