Politico nashri yozishicha, Kallas AQShdan yangi raketa yetkazib berish boshlanguniga qadar Yevropa davlatlarini Kiyevga mavjud raketalardan berishga chaqirishi kutilmoqda. Bu haqda yuqori martabali yevropalik amaldorga tayanib xabar berilgan.
Masala Ukrainada havo mudofaasi raketalari tanqisligi kuchaygani haqidagi bayonotlar fonida muhokama qilinmoqda. Ukraina rasmiylari, xususan, ballistik raketalarga qarshi himoya vositalari yetishmayotganini bildirgan.
Kallas, shuningdek, YEI davlatlaridan Yaqin Sharqda savdo kemalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan Aspides missiyasi uchun qo‘shimcha harbiy kemalar ajratishni so‘rashi mumkin.
Ayni paytda G‘arb davlatlarining o‘zida ham Patriot raketalari zaxirasi cheklangani haqida xabarlar bor. Shu sababli Yevropa davlatlari Kiyevga mavjud raketalarni berish yoki o‘z zaxiralarini saqlab qolish masalasi oldida turibdi.
Rossiya esa G‘arbning Ukrainaga qurol yetkazib berishini tanqid qilib keladi. Moskva bunday yordam mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga to‘sqinlik qilayotganini va NATO davlatlarining mojaroga jalb etilish xavfini oshirayotganini ta’kidlaydi.