Bugun 14 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Jurnalistlarning do‘sti edi...

Jurnalistlarning do‘sti edi...

Miyonkol hududidagi Oqdaryo tumanining tabiati so‘lim. Ikki daryo — Oqdaryo va Qoradaryodan ufurib turadigan salqin havo bu joylarda odamlarning yashash imkoniyatini tag‘in ham yaxshilagan. Ko‘pgina qishloqlardagi tabiiy go‘zallik, fayzu taravot mahalliy aholi qalbiga ham ko‘chib o‘tgan, deyilsa mubolag‘a bo‘lmas.

Tumanning kunbotar tarafida Yangiqo‘rg‘on atalmish ajib qishloq bor. Bu yerdan ko‘plab elga xizmati singgan, turli sohalar egalari bo‘lgan ajoyib insonlar yetishib chiqqan. Ularning tashabbusi, g‘ayrat-shijoati, aqlu zakovoti tufayli Yangiqo‘rg‘on yil sayin chiroy ochib, aholi madaniyati, ma’naviyati oshib boravergan, bog‘lar, gulzorlar yaratilgan.

Mazkur qishloq farzandi, uzoq yillar eliga sidqididan xizmat qilgan ziyoli, tadbirli tadbirkor, O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati bo‘lgan Jamol Isroilov yurtdoshlariga mehrli, tashkilotchi, samimiy insonlardan biri edi.

Jamol Isroilov bilan tanishgan paytlarimiz u Oqdaryodagi 2-maktab direktori edi. Shu bilan birgalikda tadbirkorlikka ham qo‘l o‘rgandi. Aynan o‘sha chog‘lar, Jamol aka O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatligiga saylandi. Bir gal Toshkentdan birgalikda qaytdik. Yana bir sherigimiz Narpay tuman gazetasi muharriri Toshpo‘lat Toshmurodov edi. Ahamiyatlisi, Toshpo‘lat aka ham Oliy Majlis deputatligiga o‘tkazilgan saylovda g‘olib chiqib, deputatlik mandatiga ega bo‘lgandi. Shu kundan Jamol Isroilovni yanada yaqindan tanigan, u haqdagi tasavvurlarim ancha kengaygandi. Jamol aka faoliyati haqida uning o‘zi emas Toshpo‘lat aka ko‘proq gapirgandi. Keyinchalik bildimki, Jamol Isroilov ijodkorlarga ancha yaqin inson ekan. Oliy Majlis yig‘ilishlaridan chiqib, u tahririyatlarga borar, jurnalistlar bilan dildan suhbatlashardi. Ana shunday suhbatlardan biri “Xalq so‘zi” gazetasi ijodkorlari bilan bo‘lgandi.

“Oqdaryo ovozi” gazetasining bosh muharriri, “Yilning eng faol jurnalisti” respublika tanlovining g‘olibi Yo‘lchi Muhammadiyev Jamol Isroilov haqida shunday xotirlaydi:

“Jamol Isroilov bilan bundan qirq yillarcha muqaddam o‘tgan asrning saksoninchi yillari boshlarida ilk bor uchrashgan edik. U paytda u kishining ukasi do‘stimiz Bahodir Isroilov tuman matlubot jamiyatlari uyushmasida bosh hisobchi bo‘lib ishlar, u kishi bilan tez-tez ko‘rishib turardik. Loyish markazidagi hozirgi eski istirohat bog‘i deb atalgan joy bizning eng sevimli, qadrdon maskanimizga aylangandi. Kunlardan bir kuni Jamol aka bilan suhbatlashib qoldik. Suhbat judayam samimiy bo‘ldi. Shunda angladimki, mutaxassisligi bo‘yicha maktabda fizika fanidan saboq beradigan Jamol akaning dunyoqarashi, fikrlashi hamkasblariga qaraganda ancha boshqacharoq, matbuotga bo‘lgan mehri ham o‘zgacha edi. Jamol aka gazetamizni muntazam kuzatib borishi haqida gapirib, undagi yutuqlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar, ayniqsa tanqidiy maqolalarga e’tibor kamligi to‘g‘risidagi fikrlarini aytdi. Ba’zan u kishining o‘zi ham dolzarb mazularda chiqishlar qildi. Bugun menda Jamol aka bilan bog‘liq xotiralar shu qadar ko‘pki, ularning har biri aziz va qadrli.

Ayniqsa, uning 1999 yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatligiga saylovlar jarayonida xalq bilan qilgan muloqotlarini ko‘rib, ochig‘i qoyil qolganman. Chunki o‘sha paytda nomzodlikka qo‘yilganlar orasida viloyat miqyosidagi rahbarlar ham bor edi. Qolaversa, viloyat kengashi deputatligiga ham nomzodi ko‘rsatilgan bo‘lib, deputatlikka tuman hokimining o‘zi ham nomzod qilib qo‘yilgandi. O‘shanda kurash qizg‘in kechdi. Biz bir guruh do‘stlar Jamol Isroilovning nomzodi uchun xalq bilan bevosita harakat qildik. Shaxsan o‘zim ishonchi vakili sifatida tumanda mavjud bo‘lgan 127 ta qishloqqa borib, oqsoqollar, o‘qituvchilar, xullas, barcha kasb egalari bilan yuzma-yuz suhbatlashdim. Ularning so‘zlaridan shuni angladimki, oddiy xalq ham Jamol Isroilovni yetuk xalq ta’limi xodimi, tajribali pedagog, iqtidorli rahbar sifatida yaxshi bilisharkan. Shu bilan bir qatorda bu insonning tadbirkor sifatida tuman aholisiga qilayotgan beg‘araz yordamidan ham aholining xabardorligi Jamol Isroilovning saylovda g‘olib chiqishiga olib keldi. Shu tariqa Oqdaryoning fidoyi farzandi Jamol Isroilov ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatligiga saylandi.

Deputat bo‘lgach ham u jurnalistlar bilan hamkorlikda ish yuritganligini oqdaryoliklar yaxshi bilishadi. Har haftaning shanba kuni deputat qabuli “Oqdaryo ovozi” gazetasida o‘tkazilar, deputatga murojaat qiluvchilar bu yerga tashrif buyurishardi. Ba’zi kunlari aholining ko‘pligi sababli qabul ertalab soat 9 dan kechki 17 ga qadar davom etardi. Bir so‘z bilan aytganda, biror kimsa u kishining qabulidan norizo bo‘lib ketmasdi.

Bevosita u kishining maslahatlari asosida men uch qismdan iborat bo‘lgan “Oqdaryo farzandlari” va ikki qismdan iborat bo‘lgan “Oqdaryo bayozi” kitoblarini nashrdan chiqardim. Eng quvonarlisi, bu kitoblar barcha bilim maskanlari va tashkilotlarga tarqatildi. Muxlislar ham ochiq chehra bilan kutib olishganligi bizni behad mamnun etdi. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, Jamol Isroilov jurnalistlarning haqiqiy do‘sti edi. Har yili nishonlanadigan kasb bayramlarimizda tabriklashni, aniqrog‘i, tahririyatga kelib xodimlarni qutlashni kanda qilmasdi. Bir so‘z bilan aytganda, oqdaryolik jurnalistlar bu insonni shu yurtning fidoyi farzandi, tajribali va tashkilotchi rahbari sifatida doimo yodlarida saqlashadi.

Yaqinda Jamol Isroilov rahbarlik qilgan Oqdaryodagi 2-maktab va IDUMda bo‘ldik. Ikkala muassasa katta bir hovlida joylashgani e’tiborlidir. Bu yerda amalga oshirilgan obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlari Jamol Isroilovning sa’y-harakatlari natijasi, albatta. Chetdan qaralganda u maktab hovlisini emas, ko‘proq sanatoriy tipidagi dam olish maskanlarini eslatadi.

IDUMga Jamol akaning farzandi Bekjon rahbarlik qilayotgan ekan. Bu yerdagi ta’lim-tarbiya, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish kabi ishlarga havas qilsa arzirdi. Hovlidagi hisobini topishga sanoqda ham adashtiruvchi yuzlar, emas, minglar bilan o‘lchanuvchi igna bargli daraxtlarda nafaqat jurnalistlarga, barcha kasb egalariga yaqin do‘st bo‘lgan Jamol Isroilovning nafasi sezilib turgandek edi.

Abdurasul SATTOROV,

Alimardon XUDOYQULOV

Kiritildi: 17:37 16.07.2021. O'qildi: 2352 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!