Bugun 17 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Jurnalist Muhammadjon Obidov: "Hammasi yolg‘on, bo‘hton va tuhmat"

Jurnalist Muhammadjon Obidov: "Hammasi yolg‘on, bo‘hton va tuhmat"

"Hurmatli FBdoshlar!

Chet elda xizmat safarida bo‘lganim, arafa kuni qaytib kelgach esa bandalikni ado etgan ukamning marosimlari bilan band bo‘lganim uchun FBga endi kirdim va mening sha’nimga yog‘dirilgan tuhmatlarni o‘qib chiqdim.

Ular yuzasidan shularni bildirmoqchiman.

Birinchidan, Azim Ro‘ziyev “Usmonovning oltinlari” degan qissa muallifi Musulmon Namozovning ruxsati bilan qo‘lyozmadagi men haqimda yozilgan sahifalarni FBda e’lon qilgan. Keyinchalik uni bir necha internet saytlari (masalan  aniq.uz…) ko‘chirib qayta tarqatgan.

Men Musulmon Namozov bilan shaxsan tanish emasman. Uning nomidan e’lon qilingan sahifalarda mening Botken va Sariosiyodagi reportajlarim voqea joyidan go‘yo 100 kilometr narida tayyorlangani, O‘zbekiston Prezidenti meni so‘kkani va x.k haqida soxta voqeliklar o‘ylab topilgan. Hozirdan shuni aytmoqchimanki, bularning barchasi yolg‘on, bo‘hton va tuhmatdir. Men Musulmon Namozovdan Azim Ro‘ziyev e’lon qilgan “ma’lumot”larni shaxsan o‘zi yozganini tasdiqlatib olganimdan so‘ng muallifga batafsil munosabat bildiraman.

Ikkinchidan, FB va telegramdagi “kuchli jurnalistlar davrasi” kanalida mening sha’nimga tuhmat bo‘lgan gaplar e’lon qilingan. Masalan, go‘yo kimningdir ammasi aytishicha,  haj haqida ko‘rsatuv diskini beraman deb pul olgan, bir otaxonning aytishicha, o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan vodiylikka o‘rtakash bo‘lib tovlamachilik jinoyati sodir etgan, universitetni tugatib, shu yerda “profsoyuzda qolgan, keyin laborant bo‘lib ishlagan, komsomol sekretari bo‘lgan” va h.k. ayblovlar aytiladi.

Men hech qachon hech kimga haj haqidagi ko‘rsatuv diskini beraman deb va’da qilgan emasman, pul ham olgan emasman. Ko‘rsatuv bir necha bor markaziy va mahalliy TVlarda namoyish etilgan va uni ko‘chirib olish mushkul emasdi. Qolaversa, “Ziyo studiyasi” har bir hojiga safar lavhalari tushirilgan disk bergan va uning xizmati haj harajatlari ichida bo‘lgan.

Men bironta bolani o‘qishga kirishiga vositachilik qilmaganman va buning uchun javobgarlikka tortilmaganman.

Universitetni 1973 yilda tugatganman. Lekin u yerda bir minut ham ishlamaganman, ishlashga imkon ham yo‘q edi. Chunki men hali talabaligimdayoq O‘zbekiston televideniyesi “Yoshlik” studiyasiga kichik redaktor  vazifasiga ishga qabul qilingandim.

Xullas barcha iddaolar yolg‘on, bo‘hton va tuhmat.

Haqli bir savol tug‘ildi. Xo‘sh nega aynan sizga nisbatan tuhmat kompaniyasi boshlandi, degan. Men adashgan bo‘lay, ammo menimcha buning ostida avvalo hasad, ko‘rolmaslik va tarafkashlik turibdi.

So‘nggi oylar ichida men uchun juda ko‘p xursandchiliklar ro‘y berdi.

Biz mamlakatda birinchi bo‘lib, Farg‘onada respublikamizning sakkiz viloyati va “Ozodlik” radiosi, BiBiSi, “Amerika ovozi”, “Anadole”, “Dunyo o‘zbeklari” kabi OAVlari muxbirlari ishtirokida yaratilgan muloqot maydonida bahs-munozara tashkil qiloldik.

XXRning O‘zbekistondagi elchisi uyushma viloyat bo‘limida rasman qabul qilindi va ikki mamlakat OAVlari o‘rtasida ijodiy munosabatlar o‘rnatish masalalari muhokama etildi.

150 nafar Afg‘onistonlik o‘zbek yoshlari o‘rtasida “Men nima uchun sevaman O‘zbekistonni” degan mavzuda insho tanlovi o‘tkazdik va ikki nafar g‘olibni kasb bayramimiz kuni Farg‘onaga chaqirdik (bunda kelib – ketish bilan bog‘liq barcha harajatni zimmamizga oldik). Ularga viloyat ahli bilan tanishish imkonini yaratdik. Hozir Afg‘oniston matbuotida Farg‘ona haqida 3 ta maqola chop etildi.

Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida 11 nafar jurnalistni Umra safariga olib bordik. Ibodatlarni ado etgach, Saudiya Arabistoni Podshohligining 14 ta eng ommaviy OAVlari rahbar hamda jurnalistlari bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazdik. Ularga avvaldan arab tilida tayyorlab olib borgan maqolalarni berdik va hozirgacha 6 tasi chop etildi. Ularning biri 27 ta arab davlatiga tarqatiladigan “Al-Yamama” jurnali edi.

XXRning ko‘rsatuvlari 170 ta davlatda qabul qilinadigan SSTV-4 telekanali 11 nafar jurnalistini Farg‘onada kutib oldik va hamkorlikda 5 ta ko‘rsatuv tayyorladik. Aprel-may oylari ular SSTV-4 orqali namoyish etildi.

Dunyoning 17 ta mamlakatidan, ular qatorida AQSH, Kanada, Fransiya, Italiya, Turkiya, Yaponiya, Avstraliya… 27 nafar jurnalistni Shinjonga islohotlar va qayta tarbiyalash, kasb o‘rgatish markazlari bilan tanishishga yubordilar. Meni ham taklif etishgandi. Safar haqidagi maqolam e’lon qilindi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limining umumiy yig‘ilishida meni bo‘lim raisligiga yana qayta sayladilar.

O‘zAda chop etilgan ikki maqolam yuz mingga yaqin marta o‘qilibdi. U uzoq vaqt eng ko‘p o‘qilgan maqolalar ro‘yxatining eng yuqorisida turdi.

Eshitishimcha, mamlakat oliy rahbariyati ishtirokidagi nufuzli yig‘ilishlardan birida mening nomim hurmat bilan tilga olinibdi…

Moskva va Sank-Peterburg shaharlarida jurnalistika muammolariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar bo‘lib o‘tdi va unga meni taklif qildilar. Konferensiyadagi ma’ruzalarim rus va ingliz tillarida chop etildi.

Sal avvalroq “Jurnalist surishtiruvi: tajriba va tahlil”, “Men ko‘rgan dunyo” kabi navbatdagi kitoblarim universitet ilmiy kengashi qarori bilan jurnalistika fakulteti talabalari uchun amaliy qo‘llanma sifatida tavsiya qilinib chop etilgan edi. Alisher Navoiy nomli kutubxona tashabbusi bilan ularning taqdimoti  bo‘lib o‘tdi.

“Farg‘ona press klubi” ni tashkil etdik va uning sessiyalarida ko‘tarilgan dolzarb mavzular muhokamasini teletamoshabinlar qo‘llab-quvvatladilar.

Qisqa muddatda shuncha voqealar… Lekin ular qalbimga quvonch bilan birga xavotir ham olib kirdi. Chunki biz erishgan natijalar hammaga ham yoqmasdi. (Aslida hammaga yoqishning iloji ham yo‘q!) G‘animlar, hasadgo‘ylar bir nimalar o‘ylab topmasa edi yana, degan shubha hamisha  xayolimda turgan. Chunki ulardan avvallari ham ko‘p aziyat chekkanman. Masalan, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvonini olganimda, O‘zbekiston Oliy Majlisiga deputat etib saylanganimda, viloyat hokimi qarshiligiga qaramay bir jiddiy masalada haqiqatni yozganimda…

O‘shanda qancha umrim, sog‘lig‘im, vaqtim o‘zimning haqligimni isbotlash, tuhmatchilar jazosini olishiga erishish uchun kurashishga sarf bo‘lgandi.

Men farishta emasman. Yetmish yoshni qoralayapman. Hayotda kamchilik, balki xatoga ham yo‘l qo‘yganman. Va buning uchun o‘z vaqtida jazosini ham oldim. Ammo olloh shohid, hech qachon qalamga, kasbimga, jurnalistikaga xiyonat qilgan emasman. Bir umr xolis va adolat bilan qalam tebratdim.

Olloh barchamizga insof bersin".

Muhammadjon Obidov

Kiritildi: 16:22 14.08.2019. O'qildi: 5271 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!