Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda aniqlangan xavfli suyuq dori vositalari haqida ogohlantirdi.
Hindistonning dori standartlarini nazorat qilish bo‘yicha markaziy tashkiloti JSSTga kamida uchta suyuq dori vositasida diyetilenglikol (texnik spirt) mavjudligini ma’lum qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ularni qabul qilish oqibatida mamlakatda kamida 17 bola halok bo‘lgan edi.
Sresan Pharmaceutical, Rednex Pharmaceuticals va Shape Pharma tomonidan ishlab chiqarilgan Coldrif, Respifresh TR va ReLife preparatlari sog‘liq uchun xavfli.
Hindiston davlat organlari ushbu dori vositalarini ishlab chiqarishni zudlik bilan to‘xtatish to‘g‘risida buyruq bergan va ularga berilgan ruxsatnomalarni qaytarib olgan.
Hindiston kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish komissiyasi JSSTga yuqoridagi dorilarning hech biri mamlakatdan tashqariga eksport qilinmagani va hozirda noqonuniy eksport haqida ham ma’lumot yo‘qligini ma’lum qilgan.
Shunga qaramay, JSST ushbu sifatsiz mahsulotlar ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar va mintaqalarda ta’minot zanjirlarini nazorat qilish va tekshirishni kuchaytirishni tavsiya qilib, bozor ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha maslahat bergan.
Hindistonda oktyabr oyi boshida polisiya Madxya-Pradesh shtatida 17 nafar besh yoshgacha bo‘lgan bolalar vafot etganidan so‘ng Coldrif yo‘tal siropi ishlab chiqaruvchi Sresan Pharmaceutical farmasevtika kompaniyasi egasini hibsga olgan.
2022-2023 yillarda O‘zbekistonda Hindiston farmasevtika kompaniyasining yo‘talga qarshi “Dok-1 Maks” siropini qabul qilgan 69 nafar bola o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan edi.