Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Isroil harbiylari Livanda oq fosfordan foydalangani haqidagi xabarlarni tekshirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda JSSTning Livandagi vakili doktor Abdinasir Abubakar brifingda aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot bu haqdagi xabarlarni ko‘rib chiqmoqda va kasalxonalar bilan aloqada. Biroq hozircha oq fosfor yoki boshqa kimyoviy moddalardan jabrlanganlar haqida tasdiqlangan ma’lumot yo‘q.
Xabarlarga ko‘ra, oq fosfor qo‘llanishi mumkin bo‘lgan hududlardagi aholi evakuasiya qilingan.
Ma’lumot uchun, oq fosfor inson salomatligi uchun juda xavfli bo‘lib, jigar va buyrak yetishmovchiligi, markaziy asab tizimi hamda yurak mushagiga zarar yetkazishi, hatto o‘limga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi keskinlik 2 mart kuni Livan guruhi Eron bilan birdamlikda Hayfa dengiz bazasiga hujum qilganidan keyin kuchaygan.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 9 mart holatiga Isroil hujumlari oqibatida qariyb 500 kishi halok bo‘lgan, 1313 kishi esa yaralangan.