Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kelasi bahorga qadar Yevropaning 53 mamlakatida 700 mingdan ortiq kishi koronavirusdan vafot etishi mumkinligini ma’lum qildi.
Markaziy Kopengagenda joylashgan JSST bosh shtab-kvartirasi odamlarni virus tarqalishining oldini olish uchun emlanish, to‘g‘ri gigiyena va ijtimoiy masofa qoidalariga rioya qilishga chaqirmoqda.
Mintaqadagi 53 davlatda jami hayotdan ko‘z yumganlar soni 2 milliondan oshishi mumkinligiga alohida e’tibor qaratilib, 60 yoshdan oshganlar va sog‘liqni saqlash xodimlariga "qo‘shimcha kuchaytirilgan doza" berilishi kerakligi ta’kidlandi.
"Vaziyat juda og‘ir"
"Bugun Yevropa va Markaziy Osiyoda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat juda og‘ir. Bizni qiyinchiliklarga boy qish mavzsumi kutmoqda, ammo umidsiz bo‘lmasligimiz kerak, chunki hukumatlar, sog‘liqni saqlash rasmiylari, insonlar, barchamiz pandemiyani to‘xtatish uchun qat’iy choralar ko‘rishimiz mumkin", — dedi JSST Yevropa direktori Dr. Xans Kluge.
BMT tashkilotining Jenevadagi shtab-kvartirasi avvalroq vaksinasiya jarayonida qiynalayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarga murojaat qilgan edi.
O‘tgan haftada Yevropa mintaqasida COVID-19 tufayli o‘limlar kuniga taxminan 4,200 tagacha ko‘tarildi. Mintaqada jami o‘limlar soni esa 1,5 millionga yetdi.
O‘lim darajasi nega ortmoqda?
JSST Yevropa mitaqasida o‘limning ko‘payishiga turtki bo‘lgan omillarni quyidagicha sanab o‘tdi: virusning o‘ta yuqumli delta varianti, niqob taqish va ba’zi joylarda ijtimoiy masofani saqlash kabi cheklovlarning yumshatilishi hamda Yevropa aholisining katta qismi emlanmaganligi kabilar.
JSST shtab-kvartirasi 2022 yilning 1 martigacha 25 ta davlatda yotoqxonali shifoxonalar va 49 ta davlatda intensiv terapiya bo‘limlari yetishmasligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, kelasi yilning bahoriga qadar o‘limlar soni 2,2 milliondan oshishini taxmin qildi.