O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida hududlarda asosiy kapitalga investisiyalar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlarni jalb qilish samaradorligini tahlil qildi.
Tahlil davomida IPI (Investment Performance Index - Investisiyalarni jalb qilish samaradorligi indeksi) indeksidan foydalanildi. Ushbu indeksning me’yordagi ko‘rsatkichi 1,00 ga teng bo‘lib, u investisiyalarni jalb qilish siyosati yaxshi yo‘lga qo‘yilganini bildiradi. Indeks qiymatining me’yordan yuqoriligi jalb qilinayotgan investisiyalardan samarali foydalanish imkoniyatlari mavjudligini, aksincha past qiymatlar hududga qo‘shimcha investisiyalarni jalb qilishga e’tibor qaratish zarurligini anglatadi.
2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida respublika bo‘yicha asosiy kapitalga investisiyalar hajmi 343,1 trln. so‘mga yetgan. Bu 2023-yilning mos davridagiga nisbatan 1,3 marotaba ko‘p. Xorijiy investisiya va kreditlar hajmi 1,6 barobar oshgan va 233,0 trln. so‘mga teng bo‘lgan.
2024-yilning dastlabki to‘qqiz oyi ma’lumotlari asosida hisoblangan IPI indeksiga ko‘ra, quyidagilar aniqlandi:
Aksariyat hududlarda asosiy kapitalga investisiyalar bo‘yicha me’yor ko‘rsatkichga qaraganda yuqori qiymatlar saqlanib qolmoqda. Bu borada Buxoro (2,15), Namangan (1,91) va Jizzax (1,70) viloyatlari boshqalarga nisbatan ajralib turibdi. Surxondaryo (1,06) va Andijon (0,93) viloyatlarida me’yordagi ko‘rsatkichga yaqin qiymatlar qayd etildi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlar bo‘yicha Buxoro (2,92) va Namangan (2,06) viloyatlarida me’yordagidan ancha yuqori natijalar kuzatildi. Andijon (1,08) va Navoiy (0,99) viloyatlarida me’yor ko‘rsatkichiga yaqin qiymat qayd etildi. Toshkent shahrida (0,54) indeks 1 dan ancha past bo‘ldi.
Shuningdek, tadqiqot davrida qayd etilgan ko‘rsatkichlarni avvalgi uch chorak natijalari bilan taqqoslash asosida quyidagilar aniqlandi:
So‘nggi yillarda asosiy kapitalga investisiyalar tarkibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarining hajmi ortib borishi IPI indeksi qiymatlarining tebranishiga kuchli ta’sir saqlanib qolmoqda.
Xususan, Buxoro va Namangan viloyatlarida xorijiy investisiyalar hisobiga amalga oshirilgan loyihalar yuqori indeks qiymatlarining shakllanishiga sabab bo‘lgan.
Kristian Lessmann 1980-2009 yillarda dunyoning 55 ta mamlakati bo‘yicha olib borgan tadqiqoti davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarning notekis taqsimlanishi hududlar miqyosida nomutanosiblikka olib kelishi mumkinligini aniqlangan.
Shuningdek, aholining hududlar orasida yuqori mobilligi va davlatlarning resurslarni samarali qayta taqsimlash siyosati kabi omillar yuqoridagi salbiy ta’sirni kamaytirishi mumkinligi qayd etilgan.
Ta’kidlash kerakki, IPI indeksi hududlar miqyosida investisiyalarning miqdor ko‘rsatkichlari asosida tahlil qilingan bo‘lib, ularning sifat ko‘rsatkichlarini anglatmaydi.