Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Jizzaxda qotillik uchun jazoni o‘tayotgan mahkum uylandi va xotinini vahshiylarcha o‘ldirdi

Jizzaxda qotillik uchun jazoni o‘tayotgan mahkum uylandi va xotinini vahshiylarcha o‘ldirdi

“Huquq” gazetasining 28 mayda chiqqan sonida qotillik uchun jazoni o‘tayotgan mahkumning vahshiy qotillik sodir etgani haqida maqola e’lon qilindi. Maqolaga “Vahshiylik” deb sarlavha qo‘yilgan, dey yozadi «daryo.uz».

Namanganlik Sanjar Tojiyevga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) nisbatan birinchi jinoiy ish mushtlashganida ochilgan. Jinoyat ishi yarashuv tufayli tugatilgan. Biroq oradan bir yil o‘tib-o‘tmay qotillikka qo‘l urgani uchun 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Sanjar bir necha yil qattiq tartibli koloniyada jazoni o‘tagach, amnistiya aktlari qo‘llanib, jazo muddati qisqartirilgan va u Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi manzil-koloniyasiga o‘tkazilgan (“Huquq” gazetasida Sanjar Tojiyev qattiq tartibli koloniyada jazo muddatining necha yilini o‘taganiga aniqlik kiritilmagan). Nazorat ostida qurilishda ishlayotgan kezlari Sanjar Jizzaxga Chortoqdan kelgan, o‘zidan 10 yosh kichik ayol bilan tanishib, yoqtirib qolgan.

Ayol bilan telefonda gaplashib yurgan. Nargiza ham unga ko‘ngil qo‘yganiga ishongach, Sanjar onasini sovchilikka yubordi. Onasi o‘g‘li yaqin orada ozodlikka chiqishini aytib ayolning ota-onasini ko‘ndirgan. So‘ngra Sanjar bilan Nargiza Zafarobod tumani FHDYo bo‘limida qonuniy nikohdan o‘tgan.

Jazoni ijro etish muassasasi bilan “Agrostandart lyuks” korxonasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida 40 nafar mahbus qatori Sanjar ham Jizzax shahrida ko‘p qavatli uy qurilishida ishlayotgandi. Mahbuslarni JIYEK kichik inspektori mas’ul xodimdan qabul qilib olib, ish ustida nazorat qilib turadi.

Rasman nikohdan o‘tganlaridan keyin Sanjar Nargiza bilan har kuni telefonda gaplashishni kanda qilmaydi. U Namangandan Jizzaxga Sanjarning yoniga kelib-ketib turadi. Oila qurganlaridan yarim yil o‘tgach Sanjar ayolga qo‘ng‘iroq qilib, uni Namangandan Jizzaxga chaqiradi hamda yo‘lkira va boshqa xarajatlarni qoplab berishini aytadi.

Nargiza Jizzaxga kelganidan keyin tartib-qoidaga binoan Sanjarning jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘iga yozgan arizasiga asosan ikki sutkaga uchrashuvga ruxsat beriladi. Ular qurilish yaqinidagi ko‘chada, ijaraga olib turilgan uyda ko‘rishadi.

“Nargiza menga notanish to‘rt-besh yashar bola bilan keldi, – deydi sud majlisida Sanjar Tojiyev. – Ertasi kuni soat yettida uyg‘ongach, qurilish ob’ektiga borib yo‘qlamadan o‘tdim. Ijara uyga qaytib kelib turmush o‘rtog‘im va bola bilan birga nonushta qildim.

Qotilning so‘zlariga ko‘ra, u soat 10 larda ish joyidan 543 ming so‘m oylik ish haqini olib yana ijara uyga kelgan. Uyda bola Nargizaning telefonini o‘ynab o‘tirgan bo‘lgan. Nargiza esa kiyinib olib ketmoqchiligini aytgan. Sanjar ikki sutkaga ruxsat berilganini aytib, pul zarur bo‘lsa berishga tayyorligini aytib, ayoldan nimaga ketmoqchiligini so‘raydi. Nargiza go‘yo “mening erim bor, chaqiryapti” deya jahlini chiqaradi. Sanjarning so‘zlariga ko‘ra, Nargiza “Sen bergan 200-300 ming so‘m nima bo‘ladi? O‘zim sendan ko‘proq pul topaman” deb bolaning qo‘lidan olgan telefondagi begona erkaklar bilan tushgan suratlarini ko‘rsatgan. Sanjar ayolning yuziga bir musht urib, qo‘lidan tortib olgan telefonni polga tashlab sindirgan. Ko‘chaga qochmoqchi bo‘lgan Nargizaning yo‘lini to‘sib, tag‘in yuziga bir necha marta musht urgan. Yana tashqariga qochmoqchi bo‘lganida orqasidan kelib sochini changallab bo‘yniga pichoq tortib yuborgan. Norasida bolaning ko‘z o‘ngida yuztuban yiqilib, tipirchilab, xirillab yotgan ayolning duch kelgan joyiga pichoq sanchib olavergan.

Ekspertiza xulosasida Sanjar rafiqasini vahshiyona tarzda o‘ldirgani qayd etilgan. Sud o‘ta xavfli residivistga aylangan qotilga o‘talmay qolgan jazo muddatini qo‘shgan holda 23 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Kiritildi: 22:02 03.06.2020. O'qildi: 12210 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!