Bugun 2 dekabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Jizzaxda 400 o‘rinli viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurib bitkazildi

Jizzaxda 400 o‘rinli viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurib bitkazildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangidan barpo etilgan Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.

Ushbu majmua aholiga barcha zarur tibbiy xizmatlarni bir joyning o‘zida ko‘rsatish imkonini yaratishi bilan katta ahamiyatga ega. Loyiha viloyatda tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining dastlabki bosqichi hisoblanadi.

Zamonaviy tibbiyotda bunday klasterli yondashuv tezkor diagnostika, yuqori texnologiyali davolash va shifo istaganlar uchun byurokratik jarayonlarni kamaytirishning eng samarali modeli sifatida tan olingan.

Davlatimiz rahbariga muassasa imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Prezident bemorlarni davolash, shifokorlarning samarali ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Markaz zamonaviy yetti qavatli binoda joylashgan bo‘lib, kuniga 400 nafargacha bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Stasionar o‘rinlari 344 ta bo‘lgan markazga umumiy qiymati 100 milliard so‘mdan ortiq zamonaviy jihozlar – MRT, MSKT, laboratoriya komplekslari hamda yuqori texnologiyali jarrohlik uskunalari o‘rnatilgan.

Poliklinika, radiologiya, kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, oftalmologiya va urologiya kabi bo‘limlarning bir majmuada joylashgani tibbiy xizmat ko‘rsatishni tezlashtiradi, shifokorlar o‘rtasidagi hamkorlik va bemorlar harakatini yengillashtiradi. Ayniqsa, yangi imkoniyatlar tufayli yuqori texnologiyali operasiyalar uchun navbatlarning qisqarishi loyihaning eng katta ijtimoiy samarasidir.

Markaz ishga tushishi natijasida Jizzax aholisining respublika shifoxonalari yoki qo‘shni viloyatlarga qatnashi 75-80 foizga kamayadi.

Tibbiyot klasterida Qozon federal universiteti bilan mahalliy mutaxassislar uchun malaka oshirish, usullarini ilg‘or diagnostika va davolash joriy etish, zamonaviy tibbiy standartlarni o‘zlashtirish imkoniyatini beruvchi uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatiladi.

Prezidentimiz sog‘liqni saqlash mas’ullari va xodimlari bilan muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari tibbiyot klasterlari va ko‘p tarmoqli klinikalar boshqaruvida eskicha yondashuvlardan chekinib, yangi mexanizmlarni joriy qilish, jumladan, tibbiyotning har bir yo‘nalishi bo‘yicha xorijdan xalqaro ekspertlar va yetakchi menejerlarni jalb qilib, mahalliy mutaxassislarni o‘zimizda, bevosita muassasalarda o‘qitish, malakasini oshirish, raqamlashtirish hamda sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Bu Jizzax tajribasi bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Prezidentimiz aholining tibbiy xizmatlardan roziligi masalasiga alohida to‘xtaldi. Sohada amalga oshirilayotgan har qanday o‘zgarishda, eng avvalo, inson qadri ustuvor bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

– Odamlarimizni ko‘proq bino, undagi sharoit emas, xizmatning sifati, shifokorning bilimi, malakasi, halolligi o‘ylantiradi. Shifoxonaga kelgan odam avvalo e’tibor va to‘g‘ri tashxis, tez va sifatli davolanishni istaydi. Shuning uchun eng katta vazifa – aholiga chin dildan xizmat qiladigan, yuksak malaka va kompetensiyaga ega bo‘lgan tibbiyot tizimini yaratishdir, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerning o‘zida Qozon tibbiyot universitetining Jizzax filiali o‘qituvchilari va talabalari bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. O‘quv jarayonida amaliy darslarni ko‘paytirish, talabalarni jahon tibbiyotining yutuqlari va ilg‘or tajribasi bilan doimiy tanishtirib borish muhim ekani ta’kidlandi.

Manba: president.uz

Kiritildi: Bugun 15:55. O'qildi: 112 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!