Bugun 15 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Jinoyat prosessi ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishning yangi tizimi ishlab chiqildi

A A A
Jinoyat prosessi ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishning yangi tizimi ishlab chiqildi

Hukumatning joriy yil 21 fevraldagi VMQ-103-son qarori bilan “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat prosessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash tartibi” to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat prosessi boshqa ishtirokchilarining ijtimoiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan bir yo‘la beriladigan nafaqani tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy himoya qilish choralarini ta’minlovchi organ etib belgilandi.

Quyidagilar himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat prosessida ishtirok etishi munosabati bilan ijtimoiy himoya qilish choralarini qo‘llashga asos bo‘ladi:

  • halok bo‘lganligi (vafot etganligi);
  • unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilganligi yoki sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilganligi;
  • unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilganligi yoki sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilganligi;
  • mulkiy zarar yetkazilganligi.

Bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:

– shaxs vafot etganda uning oila a’zolari har biriga teng ulushda - BHMning 100 baravari miqdorida;

– shaxsga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilgan yoki sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilganda, nogironlik guruhiga ko‘ra:

  • I guruh - BHMning 80 baravari miqdorida;
  • II guruh - BHMning 70 baravari miqdorida;
  • III guruh - BHMning 50 baravari miqdorida.

– nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilganda yoki sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilganda esa, sud-tibbiy ekspertizasining xulosasi asosida:

  • og‘ir daraja - BHMning 35 baravari miqdorida;
  • o‘rta daraja - BHMning 35 baravari miqdorida;
  • sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib kelgan yengil daraja - BHMning 25 baravari miqdorida.

Ijtimoiy himoya choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror (ajrim) uni ta’minlovchi organ tomonidan uni olgan kundan boshlab, 10 sutka ichida ijro etilishi lozim.

Bir yo‘la beriladigan nafaqa soliqqa tortilmaydi va undan ushlab qolishlar amalga oshirilmaydi.

Ushbu qaror 2025 yil 1 apreldan e’tiboran kuchga kiradi.

Kiritildi: 15:40 24.02.2025. O'qildi: 936 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!