Bu haqda Prezident qarori (PQ–117-son, 27.03.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, jazoni o‘tayotgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga qaratilgan “Ikkinchi imkon” ijtimoiy reabilitasiya milliy loyihasi amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida 2026 yil 1 iyundan Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi, 2027 yil 1 martdan respublikaning boshqa hududlaridagi jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarni zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:
▪️ o‘quv kurslari 8–12 oylik intensiv o‘quv dasturlari asosida jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladi;
▪️ o‘quv kurslariga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlarni sodir etgan jazoni o‘tayotgan yoshlar jalb qilinadi;
▪️ o‘quv kurslariga jalb qilinganlar xorijiy tillarni (ingliz, rus, xitoy va boshqalar) o‘rganish bo‘yicha yagona intensiv dasturlar asosida ham o‘qitiladi;
▪️ o‘quv kurslari yakuni bo‘yicha tegishli dasturlarni o‘zlashtirgan jazoni o‘tayotgan yoshlarga elektron shakldagi sertifikatlar beriladi.