Japarov bu takliflarni BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi umumiy munozaralarida bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina, Eron, Sudan va Falastin atrofidagi mojarolar xalqaro vaziyat murakkabligini ko‘rsatmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti Xavfsizlik Kengashini isloh qilish doirasida Afrikaga ikkita, Lotin Amerikasiga esa bitta doimiy o‘rin ajratishni taklif qildi. Shuningdek, doimiy a’zolikka da’vo qilayotgan boshqa davlatlarning murojaatlarini ham ko‘rib chiqish zarurligini aytdi.
Japarov BMT qarorlari va davlatlar zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishini aks ettiruvchi ochiq reestr yaratish tashabbusini ham ilgari surdi. Uning fikricha, qarorlarni muntazam ravishda bajarmaslik holatlarida ogohlantirishdan tortib, Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashida masalani ko‘rib chiqishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanilishi kerak.
Shuningdek, Japarov yirik davlatlar tomonidan bir tomonlama sanksiyalar bosim vositasi sifatida qo‘llanilishiga qarshi chiqdi.
«U yoki bu davlatga sanksiya joriy etish huquqi, bizning fikrimizcha, faqat Birlashgan Millatlar Tashkilotiga berilishi kerak», — dedi u.
Qirg‘iziston prezidenti BMT homiyligida sanksiyalarni nazorat qilish va ularni muntazam qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha yagona xalqaro mexanizm yaratishni ham taklif qildi.
Japarov, shuningdek, Qirg‘iziston 2027–2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining nodoimiy a’zosi sifatida o‘z tashabbuslarini rasman ilgari surishini ma’lum qildi.