Janubiy Koreyaning korrupsiyada ayblanayotgan sobiq birinchi xonimi 15 yilga qamalishi mumkin — Reuters.
Xabar berilishicha, 3 dekabr kuni Seulda Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi Kim Gon Xiga qarshi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Janubiy Koreya prokuraturasi korrupsiya va boshqa jinoyatlarda ayblangan sobiq birinchi xonim uchun 15 yillik qamoq jazosini talab qilmoqda.
"Kim Gon Xi joriy yilning 12 avgust kunidan buyon tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Prokuratura uni 2009-2012 yillarda Deutsche Motor kompaniyasining aksiyalari bilan bog‘liq firibgarlikda, qimmatbaho sovg‘alar qabul qilish hamda parlament saylovlarida nomzodlarni tanlash jarayoniga noqonuniy aralashishda ayblamoqda", deya yozmoqda Reuters.
Uning turmush o‘rtog‘i, Yun Sok Yol, o‘tgan yilning dekabr oyida mamlakatda harbiy holat joriy etganidan so‘ng lavozimidan chetlatilgan va hozirda hibsda. Yun davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib sudlanmoqda, bu esa umrbod qamoq yoki hatto o‘lim jazosiga olib kelishi mumkin.