Janubiy Koreyaning yetakchi telekompaniyasi – “Korea New Network” (KNN) tomonidan 36 qismdan iborat “Osiyo hunarmandligi” nomli turkum ko‘rsatuvlar tayyorlanmoqda.
Loyiha doirasida o‘zbek hunarmandligi, jumladan, kashtachilik va zargarlik to‘g‘risida “Buxoro oltin ipi” nomli videorolik tasvirga tushirilyapti.
Xalqaro xalq san’ati tashkiloti Osiyo mintaqaviy bo‘limi rahbari Mun Xyuk Suk tashabbusi bilan Madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihaga ko‘ra, KNN ijodkorlari ayni dam yurtimizda bo‘lib turishibdi.
Videorolik uchun lavhalar Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi madaniy meros ob’ektlarida tasvirga olinyapti. Ushbu media kontent kelgusida O‘zbekiston madaniyati va turizmi salohiyatini Koreyada va umuman Sharqiy Osiyo mintaqasida targ‘ib qilish, mamlakatimizga kirib keluvchi sayyohlar sonini oshirishga xizmat qiladi.
Tez orada 1995 yil faoliyat boshlagan, “Korea Broadcasting Awards” mukofoti bilan taqdirlangan “Korea New Network” telekompaniyasining Osiyodagi 30 davlatdan hunarmandlikning 50 xil turiga oid tayyorlangan ko‘rsatuvlarni jamlagan, serial shaklidagi ilk dastur efirga uzatiladi.