Janubiy Koreyadagi Osan aviabazasida oq fosfor moddasi sizib chiqdi. Buning ortidan hukumat yaqin atrofdagi hududlar aholisini evakuasiya qilishini e’lon qildi.
Bu haqda Janubiy Koreya Xavfsizlik vazirligi xabar berdi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa seshanba kuni Osan aviabazasi hududida yuz bergan. Modda sizib chiqishi aniqlangach, atrofda istiqomat qiluvchi aholini evakuasiya qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan.
Ko‘ngilsiz hodisa sabablari va jarohatlanganlar haqida hozircha qo‘shimcha tafsilotlar berilmayapti.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, oq fosfor o‘ta toksik modda hisoblanib, o‘q-dorilarda keng qo‘llaniladi va kislorod bilan aloqaga kirishganda o‘z-o‘zidan alangalanish xususiyatiga ega.