Koreya Respublikasi hukumati muddatidan oldin prezidentlik saylovini 3 iyunga belgilamoqchi. Bu xabarni “Yonhap” tarqatgan.
Hukumatdagi manba agentlikka aytishicha, saylovni o‘tkazish masalasi Vazirlar Mahkamasining seshanba kuni bo‘lib o‘tadigan rejadagi yig‘ilishida ko‘tariladi.
Saylov sanasini belgilash uchun Vazirlar Mahkamasi majlisini o‘tkazish zarurligini ko‘rsatuvchi aniq huquqiy me’yor yo‘q. Faqat saylov vaqtincha dam olish talab qilinadigan muhim jarayonligini hisobga olib, masala hukumat darajasida muhokama qilinadi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari avvalroq prezidentlik saylovi muddati seshanba kungi yig‘ilishdan so‘ng e’lon qilinishi haqida yozgandi. Prezident vazifasini bajaruvchi Bosh vazir Xan Dok Su davlat rahbari lavozimidan chetlatilgandan keyin 10 kun ichida, ya’ni 14 aprelgacha sanani belgilashi kerak.
Ma’lumki, 4 aprel kuni mamlakat Konstitusiyaviy sudi bir ovozdan sobiq prezident Yun Sok Yolni harbiy holat e’lon qilgani uchun hokimiyatdan chetlatdi. Sobiq prezident u yoki bu tarzda parlamentning barcha besh ayblovini tan olgan. Endi 60 kun ichida saylov o‘tkazilishi lozim.
Ayni payt muxolifat yetakchisi Li Chje Myon da’vogarlar orasida yaxshiroq imkoniyatga egaligi ta’kidlanmoqda. U 2022 yil Yun Sok Yolga kichik farq bilan yutqazgan.