Prezident Yun Sok Yol hokimiyatdan chetlatilganidan so‘ng, Janubiy Koreya hukumati navbatdan tashqari prezidentlik saylovi taxminan 3 iyunda o‘tkazilishini e’lon qildi.
Bu haqda 7 aprel, dushanba kuni Yonhap yozdi. Prezidentlik muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish sanasi masalasi 8 aprel, seshanba kuni Vazirlar Mahkamasi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Qonunga ko‘ra, Prezident vazifasini bajaruvchi, Bosh vazir Xan Dok Su amaldagi davlat rahbari lavozimidan chetlatilganidan keyin 60 kundan kechiktirmay saylov sanasini belgilashi kerak.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 14 dekabrida Prezidentga impichment e’lon qilingan edi. 31 dekabr kuni sud uni hibsga olish to‘g‘risida order berdi, ammo uni hibsga olish unchalik oson bo‘lmadi.
Yun Sok Yol 2024 yil 3 dekabrda harbiy holat joriy etilganidan keyin isyon ko‘tarishda gumon qilinib, 19 yanvar kuni hibsga olingan. U zamonaviy Janubiy Koreyaning hibsga olingan birinchi amaldagi Prezidenti bo‘ldi.
4 aprel kuni Janubiy Koreya Konstitusiyaviy sudi Prezidentni lavozimidan chetlashtirish haqida qaror chiqardi, deb xabar beradi korrespondent.net.