Bugun 31 may, 2026 yil, yakshanba

КИР

Janubiy Afrikada ksenofobiya kuchaydi: G‘arbiy Afrika davlatlari fuqarolarini evakuasiya qilmoqda

Janubiy Afrikada ksenofobiya kuchaydi: G‘arbiy Afrika davlatlari fuqarolarini evakuasiya qilmoqda

G‘arbiy Afrika davlatlari ksenofobiya va zo‘ravonlik holatlari kuchaygani sababli o‘z fuqarolarini Janubiy Afrika Respublikasidan evakuasiya qilishni boshladi.

Ma’lum qilinishicha, Gana repatriasiya jarayonini boshlagan birinchi davlat bo‘ldi. Hafta davomida Yoxannesburgdan qariyb 300 kishi vatanga qaytarildi, ikkinchi reys esa 31 may kuni amalga oshirilishi kutilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shni davlatlardan kelgan afrikalik muhojirlarga qarshi hujumlar aks etgan videolar tarqalishi ortidan vaziyat keskinlashgan.

Janubiy Afrikadagi eng yirik diasporalardan biriga ega Nigeriya ham evakuasiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hozirgacha 130 nafar fuqaro maxsus reyslarga ro‘yxatdan o‘tgan. Nigeriya Senati hujumlarni «vaxshiylik» deb baholab, vaziyatni muhokama qilish uchun Pretoriyaga delegasiya yuborishni rejalashtirmoqda.

Janubiy Afrika qit’aning eng sanoatlashgan iqtisodiyoti hisoblanadi. Mamlakatda taxminan 4 million muhojir yashaydi, bu aholining qariyb 6 foizini tashkil etadi. Biroq ishsizlik darajasi 33 foizga yetgan.

Kuzatuvchilar fikricha, mahalliy aholining bir qismi ish o‘rinlari va ijtimoiy xizmatlar tanqisligida muhojirlarni ayblamoqda.

Avval ham mamlakatda ksenofobiya bilan bog‘liq qonli voqealar kuzatilgan. 2008 yildagi tartibsizliklarda 60 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan, 2015 va 2019 yillardagi hodisalar esa Janubiy Afrikaning Nigeriya, Zimbabve va Mozambik bilan munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Janubiy Afrika hukumati hujumlarni qoralagan. Shu bilan birga, rasmiylar ijtimoiy tarmoqlarda dezinformasiya tarqatilayotgan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, muhojirlar mamlakatdagi tizimli muammolar uchun nohaq aybdor qilib ko‘rsatilmoqda. Janubiy Afrika prezidentining sobiq maslahatchisi Alan Xirsh esa hukumatda ksenofobiyaga qarshi kurash bo‘yicha izchil strategiya yo‘qligini tanqid qildi.

Kiritildi: Bugun 21:03. O'qildi: 211 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!