Opa-singilga muruvvat qilish – jannatga yetaklaydigan xayrli amallardan biri ekani haqida hadislar, rivoyatlar juda ko‘p. «Odatda odamlarda: «qizlar birovning hasmi, erta-indin erga tegib ketib qoladi, undan nima foyda bo‘lishi mumkin», degan salbiy fikr bo‘ladi. O‘g‘il bola esa, doimo xizmatda bo‘ladi, uni uylab qo‘ysang, kelin ham xizmatingni qiladi. U qariganingda ham joninga oro kiradi», kabi tushunchalar bor.
Bu noto‘g‘ri fikr. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlarga nafaqa qilishning fazli haqida o‘z hadislarida qayta-qayta bayon qilganlar. O‘zlari to‘rt qizlariga qilgan muomalalari ila barchaga namuna ko‘rsatganlar.
Zuhriydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning ikki qizi bo‘lsa va ikkisining mashaqqatlariga va nafaqasiga sabr qilsa, ikkoviga qilgan nafaqasi uchun unga jannat bo‘ladi», dedilar».
Ikki qizning tarbiyasidagi mashaqqatlarga, xususan, qizlarning nafaqasini ta’minlashdagi qiyinchiliklarga sabr qilish ota-ona uchun katta savob hamda jannatga kirishga sabab amallardan biri hisoblanar ekan.
Abu Said al-Xudriydan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam : «Kimning uchta singlisi yoki uchta qizi yoki ikki singlisi bo‘lsa, u ularning suhbatini yaxshi qilsa va ularning haqqiga Allohga taqvo qilsa, unga jannat bo‘ladi», dedilar».
Qizlarni, singillarni tarbiyalab voyaga yetkazish va ularning haqqida Allohga taqvo qilib borish qanchalik ulug‘ va savobli ish ekani, ularga sharoit yaratib, odobli-axloqli, iymon-e’tiqodli qilib voyaga yetkazish jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri ekanini mana shundan bilib olamiz.
Albatta, bu haqiqatni musulmon bandalar yaxshi anglab yetishgan va doimiy ravishda bu ishga e’tibor bilan qarab kelishgani ma’lum va mashhur.
Hayotda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Gohida opa-singillarning aka-ukalarning qaramog‘ida qolishi bor. Ota bor bo‘lsa, u mas’ul bo‘lar edi. Ammo ota yo‘q. Bu o‘z navbatida otasi yo‘q ayol zoti qarovsiz qoladi, degani emas. Ota bo‘lmagan chog‘da aka yoki uka opa-singilni qaramog‘iga olishi shariat hukmi bo‘yicha sobit bo‘lgan.
Bu opa-singil aka-ukaning muruvvatiga muhtoj bo‘lib qoladi, degani emas, balki, bu – opa-singilga Alloh taolo tomonidan berilgan haqdir. Aka-uka bu mas’uliyatdan qochishi mumkin emas. Agar ular, nomardlik qilib bu mas’uliyatdan qochadigan bo‘lsalar, jamiyat qonun kuchini ishga solib opa-singillarning haqlarini olib beradi.
Uqba ibn Omir al-Juhaniydan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagilarni aytganlarini eshitdim: «Kimning huzurida uchta qiz bo‘lsa va u sabr qilib ularga taom bersa, ichimlik berib, serob qilsa va yangi kiyim olib bersa, ular o‘sha uchun do‘zaxdan parda bo‘ladilar.»
Qiz boqish oson narsa emas, buni hamma yaxshi biladi. Bu ishni amalga oshirish uchun sabr-matonat kerak, harakat, g‘ayrat kerak, topganini sarflash kerak. Baribir, shu qiz ertami-indinmi birovning uyiga ketishi borligini, kelin bo‘lishi borligini bilib turadi…
Ana shularni bilib turib qizlarni tarbiya qilgan odam o‘zi uchun oxiratning katta bir martabasini kasb qilgan bo‘ladi.
Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim ikki qizni balog‘atga yetgunicha boqib katta qilsa, men bilan birga jannatga mana bunday bo‘lib kiradi», dedilar va bosh hamda undan keyingi barmoqlarini birlashtirib ko‘rsatdilar».
Qizlarni boqish, ularning tarbiyasini go‘zal qilish qanchalik ulug‘ ish ekani shundan ham ma’lum bo‘ladi. Ota bo‘ldim, ona bo‘ldim, mening otalik haqqim bor, mening onalik haqqim bor, degan gaplarimiz ko‘p-u lekin bolalarning ham haqqi borligi, ularni boqish va nafaqasi behuda emas, balki savob ish ekanini va ibodatning nafl turlaridan afzal, balki vojib narsalardan hisoblanishini unutmasligimiz kerak.
Manba: islom.uz