Bugun 18 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

Jahon chempionatida dzyudochi qizimiz kuchli beshlikdan joy egalladi

Jahon chempionatida dzyudochi qizimiz kuchli beshlikdan joy egalladi

Vengriya poytaxti Budapesht shahrida 93 ta mamlakatning 550 nafardan ziyod dzyudochilari ishtirokida o‘tayotgan jahon chempionatining ortda qolgan uchinchi kunida terma jamoamiz a’zosi Shukurjon Aminova o‘z vazn toifasida dunyoning 5 nafar eng kuchli dzyudochilaridan biri nomiga musharraf bo‘ldi.

Hamyurtimiz saralash bellashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Fransiya va Vengriya terma jamoasi a’zolarini mag‘lub etgan Aminova yarim final ostonasida turkmanistonlik Maysa Pardayevaga kichik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ushbu natija Aminovani bronza medali uchun kurashishga, Pardayevaning oltin medal yo‘lidagi harakatini davom ettirishga olib keldi.

Shukurjon Aminova bronza medaliga da’vogarlik bellashuvida finlyandiyalik Pixa Salonenni qo‘shimcha daqiqalarda mag‘lubiyatga uchratib, fransiyalik Sara-Leoni Sizikka qarshi bahs olib borish huquqiga ega chiqdi.

"Tokio-2020" va "Parij-2024" Olimpiadasi g‘olib va sovrindori, jahon va Yevropa chempionatlarida bir necha bor shohsupaga ko‘tarilgan 26 yoshli Sara-Leoniga 22 yoshli Shukurjon Aminova teng kurashlar ostidagi bellashuvning qo‘shimcha daqiqalarida yutqazib qo‘yib, 5-o‘rin bilan kifoyalandi.

Ushbu natija orqali Xalqaro dzyudo federasiyasi reytingi uchun 720 ochko jamg‘argan Shukurjon Aminova o‘z vaznida jahonning eng kuchli 10 nafar dzyudochilaridan biriga aylandi.

Bugun, 16 iyul kuni jahon chempionatining to‘rtinchi kunida ayollar o‘rtasida -63, erkaklar o‘rtasida esa -81 kilogramm vazn toifasida bellashuvlar o‘tkazilib, yosh dzyudochilarimiz Marjona Nurulloyeva va Arslonbek Tojiyev Vengriya tatamilarida mahoratini namoyish etadi.

To‘rtinchi kungi musobaqalar ostonasida Yaponiya 3 ta oltin medal bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Fransiya, Italiya va Gruziya terma jamoalari hisobida 1 tadan oltin medal mavjud.

Jahon chempionatining yakkalik musobaqalari 19 iyun kuni yakunlansa, 16 ta milliy terma jamoa ishtirokidagi jamoaviy bahslar 20 iyun kuni tashkil etiladi.

Kiritildi: 17:33 16.06.2025. O'qildi: 516 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!