Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishda davom etish, ish o‘rinlarini yaratish, xususiy sektorni rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotining strategik muhim tarmoqlarida raqobatni kuchaytirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ko‘rinishidagi 800 mln dollarlik moliyaviy paketni ajratishni ma’qulladi.
Jahon banki tomonidan ushbu operasiya doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan davlat siyosati choralari kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari uchun energiya tariflari oshirilishi oqibatlarini yumshatish; ayollarni ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish; aholining zaif qatlamlarining ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish; telekommunikasiya, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida raqobatni kuchaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro savdosini kengaytirishga yo‘naltirilgan.
Jahon banki ajratayotgan ushbu mablag‘lar hukumatga uzoq muddatli qaytarish shartlari asosida past foiz stavkasi bilan taqdim etiladi. Bunday kreditlash shartlari xalqaro moliya bozorlaridagiga qaraganda ancha foydaliroq. Bu orqali O‘zbekiston qarz bo‘yicha xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartirishi va tejalgan byudjet mablag‘larini ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.
Jahon bankining qo‘llab-quvvatlashi hukumatga turli strategik muhim sohalarda davlat siyosatining shoshilinch choralarini amalga oshirishda yordam beradi, jumladan:
- Aholini ijtimoiy himoya qilish: Elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti va gaz tariflarining o‘sganligini kompensasiya qilish uchun kam ta’minlangan oilalarga bir martalik yillik moddiy yordam pulini 270 ming so‘mdan 1 million so‘mga oshirish.
- Ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish: Ayollarni ish joyidagi jinsiy zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy baza va mexanizmlarni rivojlantirish. Ish beruvchilarga homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ish haqini kamaytirish yoki ishdan bo‘shatishni taqiqlash.
- Ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish: Akkreditasiyadan o‘tgan xususiy va nodavlat yetkazib beruvchi tashkilotlar orqali aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bozorini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish.
- Davlat korxonalarini isloh qilish: Davlat korxonalarini yanada samarali boshqarish va xususiylashtirish uchun O‘zbekiston Milliy investisiya jamg‘armasini tashkil etish. Keng polosali Internet va mobil aloqa bozorlarida davlat kompaniyalarining ustunligini cheklash maqsadida mustaqil telekommunikasiya regulyatorini shakllantirish, shuningdek, telekommunikasiya sohasiga xususiy investisiyalarni jalb qilish.
- Qishloq xo‘jaligi: Mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qishloq xo‘jaligi xavf-xatarlaridan sug‘urtalash tizimini joriy etish. Paxtachilik sohasidagi islohotlarni davom ettirish, xususan, paxta xaridi narxlarini belgilashning yanada moslashuvchan mexanizmini joriy etish va to‘qimachilik korxonalariga ushbu xom ashyoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri har qanday fermer xo‘jaligidan sotib olish imkoniyatini berish.
- Tashqi savdoni liberalizasiya qilish: O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish va eksport tartibini soddalashtirish, shu jumladan ayrim turdagi tovarlarni eksport qilish uchun ruxsatnomalarni bekor qilish orqali xalqaro savdoni kengaytirish. Energetika, neft-gaz, kimyo, qishloq xo‘jaligi va raqobatni cheklaydigan boshqa tarmoqlarda ayrim kompaniyalarga berilgan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish.
- Energetika sektori: Xususiy investorlar ishtirok etishi uchun elektr energiyasini taqsimlash bozorini ochish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish va mustaqil qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqaruvchilarga elektr energiyasini iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqini taqdim etish. Ushbu choralar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va elektr tarmoqlarini rivojlantirishga qo‘shimcha investisiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
- Energiya samaradorligini oshirish: Energiya sarfi yuqori bo‘lgan tarmoqlarda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha rag‘batlarni joriy etish. Ushbu chora-tadbirlar qatorida energiya tejamkor loyihalarga xususiy investisiyalarni jalb qilishga qaratilgan Energiya samaradorligi milliy agentligini tashkil etish, shuningdek quyosh energetikasini rivojlantirish, issiqlik nasoslarini joriy etish va binolarning energiya samaradorligini oshirish uchun moliyaviy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
- «Yashil» davlat xaridlari: Byudjet mablag‘laridan foydalanishda ekologik toza tovarlar va xizmatlarni sotib olishga ustuvorlik berish uchun davlat xaridlari tizimiga ekologik mezonlarni joriy etish.