Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab taxminan 700 million kishi kunlik 2,15 dollardan kam daromad oladi va “o‘ta qashshoq” qatlamiga kiradi.
BMT Bosh Assambleyasi 17 oktyabr sanasini Butunjahon qashshoqlikka barham berish kuni deb e’lon qilgan bo‘lib, har yili bu sanada qashshoqlik muammosiga e’tiborni kuchaytirish maqsadida turli tadbirlar o‘tkaziladi.
Bu yilgi mavzuda “Oilalarni hurmat qilish va qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy hamda institusional zo‘ravonlikka barham berish” shiori ilgari surilgan.
BMT hisobotlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasidan so‘ng qashshoqlik darajasi yana o‘sib, 2019 yildan beri pasayish belgisi kuzatilmagan. Hozirda dunyo aholisining deyarli yarmi ko‘plab davlatlardagi qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi.
Jahon bankining 2024 yilgi hisobotiga ko‘ra, dunyo aholisining 8,5 foizi (taxminan 700 million kishi) o‘ta qashshoqlik holatida, ya’ni kunlik 2,15 dollardan kam mablag‘ga tirikchilik qiladi.
Bundan tashqari, yana 3,5 milliard kishi kunlik 6,85 dollardan kam daromad oladi, bu esa o‘rtacha daromadli mamlakatlarda ham qashshoqlik sifatida baholanadi.
So‘nggi 25 yil ichida Sharqiy Osiyo, Tinch okeani sohillari va Janubiy Osiyoda qashshoqlik sezilarli darajada kamaygan bo‘lsa-da, 2030 yilga kelib dunyo aholisining 7,3 foizi hali ham o‘ta qashshoq holatda yashashi kutilmoqda.