Rossiyada faoliyat yuritayotgan Italiyaning VMS va AlmavivA viza markazlari vositachilar orqali ariza qabul qilishni to‘xtatdi. Endi ariza beruvchilar hujjat topshirishga shaxsan o‘zlari pasporti va tasdiqlangan onlayn-navbati bilan kelishlari kerak, deb xabar berdi Rossiya turoperatorlari assosiasiyasi (ATOR).
Bir nechta turfirmalar uchun akkreditasiya bo‘yicha hujjat topshirish imkoniyati saqlab qolingan, lekin buning uchun ulardan to‘liq turpaket (mehmonxona, aviachipta va sug‘urta bilan birga) sotib olingan bo‘lishi shart.
Qoidalarning qattiqlashishi rossiyaliklar uchun "yozgi mavsumda Italiyaga sayohat qilishni so‘roq ostida qoldiradi", deb qayd etdi ATOR.
Ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, mustaqil hujjat topshiruvchilar viza markaziga eng kamida iyun oxirida, hududlardan keladigan turistlar esa faqat iyul oyida kirishlari mumkin bo‘ladi. Hujjatlar endi yanada qattiqroq tekshirilishi sababli Italiya vizasini olish jarayoni to‘rt oygacha cho‘zilishi mumkin.
Avvalroq, Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi va Moskvadagi sobiq bosh konsuli Pyergabriele Papadia de Bottini di Sant-Anyeze hibsga olingani ma’lum bo‘lgan edi. U noqonuniy ravishda uzoq muddatli Shengen vizalarini rasmiylashtirish tizimini tashkil qilish, noqonuniy migrasiyaga ko‘maklashish va korrupsiyada gumonlanmoqda.